Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha jahon kubogi musobaqasi final va 3-o‘rin uchun bahslar boshlandi.
Javohir Sindarov bugun oq donalarda xitoylik Vey Yiga qarshi ilk o‘yinni o‘tkazdi. Tomonlar bahs davomida teng o‘yin olib borishdi hamda 50-yurishga kelib durangga imzo chekishdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan Nodirbek Yoqubboyev ilk uchrashuvda rossiyalik Andrey Yesipenkoga imkoniyatni boy berdi. Ushbu partiyada ham vaziyat mutlaqo teng edi. Ammo 30-yurishga kelib, hamyurtimizda kam vaqt qolgani uchun bo‘lsa kerak, xatolarga yo‘l qo‘ya boshladi. 38-yurishga kelib raqib Nodirbekning Otini "qo‘lga tushirish"ga muvaffaq bo‘ldi. Natijada vatandoshimiz o‘z mag‘lubiyatini tan oldi.
Ertaga shaxmatchilar o‘rtasida klassik formatda javob o‘yinlarini o‘tkazishadi.