Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Farzandingizni erta jinsiy qiziqishlardan saqlang! Yo‘qsa...

Farzandingizni erta jinsiy qiziqishlardan saqlang! Yo‘qsa...

Muborak dinimizning ta’limotlari yana bir muhim tarbiyani ota-onaning vazifalaridan qilib belgilagan. Bu yuksak mas’uliyat farzandlarni inson xulqini ixtiyorsiz buzadigan, jinsiy moyillik va rag‘bat uy­g‘otadigan har bir narsa va holatlardan saqlashdir. Bu jarayon bola to‘qqiz yoshdan to voyaga yetgungacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi.

Ta’lim-tarbiya olimlari fikricha, bu inson hayotidagi eng muhim bosqich. Agar ota-ona farzandning bu boradagi tarbiyasini o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysa va nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olsa, bu katta yutuq. Chunki sog‘lom jamiyat taraqqiyoti va ravnaqi uchun fazilatli, odobli, yuksak ma’naviyatli va tarbiyali farzand voyaga yetadi.

Shu bois dinimiz har bir ota-ona va murabbiyga farzandlarning jinsiy qiziqishlari erta uyg‘o­nishidan ehtiyot choralarini ko‘rishga buyuradi.

Alloh taolo bunday deydi: “…ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan go‘daklardan boshqa kishilarga ko‘rsatmasinlar!..” (Nur surasi, 31-oyat).

Imom ibn Kasir Nur surasining ushbu oyatini bunday tafsir qiladi: “Go‘dak ayollarning turli holatlarini bilmaydi. Ularning avratlarini, nozik ovozlarini, noz­lanib yurishlarini fahmlamaydi. Agar bola yosh bo‘­lib, bularni tushunmasa, unda ayollar huzuriga kirishida zarar yo‘q”.

Bu oyat tafsiridan xulosa shu: agar bola ayollarning holatlarini va avratlarini fahmlamaydigan darajada juda yosh bo‘lsa, ularning yonlarida o‘tirishi va huzur­lariga kirib-chiqib yurishida zarar bo‘lmaydi. Ammo farzand to‘qqiz yoshdan oshgan bo‘lsa, bunday ho­lat­larga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki bola bu yoshda har bir ko‘rinishni ongli ravishda idrok qiladi. Ushbu chegara yoshidan so‘ng ham unga bu borada izn so‘rash odobi buyurilmasa, ba’zi noqulay va ta’sirchan manzaralar guvohi bo‘ladi. Natijada bola g‘alati bir holga tushib, axloqi buzilishi ham mumkin. Bu esa, tabiiy, bolada jinsiy moyillik juda erta uyg‘onishiga olib keladi. Hayot tajribalari ko‘rsatishicha, bunday holga tushib qol­gan farzandning butun fikri-zikri beixtiyor shunday o‘y-xayollar atrofida bo‘ladi. Buning oqibatida ilmga bo‘lgan ishtiyoqi keskin pasayib, o‘zi bajaradigan kun­dalik ishlariga beparvo bo‘ladi.

Farzandining bu kabi g‘alati, ajabtovur holatini kech bo‘lsa-da sezib, vaziyatni anglagan ota- ona uchun endi uning tarbiya jarayoni biroz og‘ir kechadi. Muhim pallada e’tiborsizlik qilgan ota-ona endi bu illatni yuqtirib olgan farzandining tarbiyasiga juda jiddiy e’tibor berishi talab etiladi. Aks holda, nechog‘li og‘ir bo‘lsa-da, aytib o‘tish kerak, sharmandali holat ro‘y berishi mumkin. Afsus, o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi ayanch­li va sharmsiz voqealarning barham topmayotgani farzandlar tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmayotgani oqibatidir.

Ba’zi kishilar: “Biz bolaga ushbu tarbiyani bermasak-da, qing‘ir ishlarga qo‘l urayotgani yo‘q”, deb fikr bildi­rishi mumkin. To‘g‘ri, bunday salbiy ishlarni amalga oshirmasa, nur ustiga nur. Ammo bu hol “Ushbu tarbiya bilan shug‘ullanmasa ham bo‘ladi”, degan fikrni ilgari surmaydi. Chunki farzand voyaga yetib, ma’lum yoshga kirgach, biron oliygohga kirib o‘qish yoki ish tufayli ota- ona nazoratidan biroz bo‘lsa-da uzoqlashadi. Ana shu mahalda, yoshligida bu tarbiyadan mosuvo bo‘lib o‘sgan, boz ustiga ota-ona nazoratisiz qolgan farzandda ushbu illat bo‘y cho‘zib qolishi, shunda u turli xil buzuqliklar ta’siriga tushib, hayosiz ishlar qilishi mumkin.

Farzandining qilayotgan har bir ishidan batafsil xabardor bo‘lib turibman, deb qaysi bir ota-ona kafolat bera oladi? Yoki farzand ulg‘aygach, uning uchun xoh yaxshi, xoh yomon eshiklar barchasi ochiqmi? Yoxud ota-ona vazifasi shular bilan nihoyasiga yetdimi? Yo‘q, aslo. Vaholanki, ayni palla, o‘zlaridan andoza olgan farzandni jamiyat uchun qay darajada to‘g‘ri tarbiyalab, tayyorlab berganini ko‘radigan payt bo‘ladi. Xalqimizda naql bor: “Yaxshi bo‘l­sa yeydi oshini, yomon bo‘lsa yeydi boshini”. Yaxshiligidan rahmat, yomonligidan la’nat ham bevosita ota-onaga keladi. Shu bois ota-ona hayot ekan, farzandlar doim nazoratga, pandu nasihatga muhtojligini unutmasinlar. Shuning uchun muhtaram murabbiy va ota-onalar tarbiyaning har bir jabhasida oqsamasdan shijoat ko‘rsatishlari qat’iy talab etiladi.

Hadisi sharif:

Imom Buxoriy rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz (sol­lallohu alayhi va sallam) Fazl ibn Abbosni qurbonlik kuni ulovlarining orqasiga o‘tirg‘izib oldilar. Fazl balog‘at yoshiga yetib qolgan edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan shar’iy masala so‘ragani Xas’am qabilasidan kelgan bir ayolga Fazl tikila boshladi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Fazlning iyagidan ushlab, yuzini boshqa tomonga burdilar”.

Imom Termiziy rivoyatida:

Ibn Abbos Rasululloh (sollallohu alayhi va sal­lam)ga: “Nega amakingiz o‘g‘lining yuzini burdingiz?” – dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men yosh yigit va qizni ko‘rdim, ular fitnadan omon bo‘lishiga ishonmadim”, dedilar.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hatto 10–12 yoshli bola bo‘lgan Fazlni begona ayolga qarashdan qaytarib, yuzini burdilar. Bundan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) balog‘at yoshiga yaqinlashayotgan bolalarning odobi yaxshi bo‘lishi va fit­na girdobiga tushib qolish­laridan saqlashga katta ahamiyat berganlarini bilish mumkin. Bu bilan: “Ular fitnadan omon bo‘lishiga ishonmadim”, deya qiyomatga qadar davom etadigan barcha ummatlariga jinsiy moyillik erta uyg‘onishining oldini olish nihoyatda muhim tarbiya ekanidan saboq berdilar. Buni esa Nabiy (alayhissalom)ning farzandlarni to‘g‘ri tarbiyalashda oltin o‘gitlari deb qabul qilishimiz, hayotimizda qo‘llashimiz zarur.

Bu tarbiyani singdirib borishda sharafli burch sohiblari ota-ona quyidagi ikki mas’uliyatli nazoratni sidqidil bilan amalga oshirishlari lozim. Birinchisi, oiladagi ichki nazorat, ikkinchisi, atrof-muhitning salbiy ta’siridan himoya qilish.

Usmonxon ALIMOVning

“Yoshlar kelajagimiz” kitobidan

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 06:15 08.07.2019. O'qildi: 9218 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!