Farzand tarbiyasi nihoyatda muhim va nozik jarayon bo‘lib, unda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan ba’zi jihatlarni islom ta’limoti asosida taqdim qilamiz:
- Farzandingizga iymon kalimalarini o‘rgating. Birinchi ta’limingiz Alloh uni ko‘rib turishi, gaplarini eshitishi, qilgan har bir ishini bilishi, Undan bir lahzaga ham yashirinish mumkin emasligini o‘rgatish bo‘lsin.
- Farzandingiz zehniga Alloh taolo yaratuvchi, rizq beruvchi, shifo beruvchi, jon beruvchi, jon oluvchi ekanini mustahkam joylang. Barcha holatda Unga iltijo qilinishi, orzu istaklarni Undan so‘ralishi, ishlarni U oson qilishini tushuntiring.
- Farzandingizni shirk va kufrdan ogohlantirng. Alloh taolo hech narsani sherik qilmay faqat O‘zigagina ibodat qilishimiz uchun bizlarni yaratganini ayting. Albatta, kufr va shirk qiyomat kunida do‘zax azobiga olib borishini bildiring. Luqmon o‘g‘liga va’z-nasihat qilib aytganlarini esla: Ey o‘g‘ilcham, Allohga shirk keltirma. Albatta shirk katta zulmdir (Luqman surasi, 13-oyat).
- Farzandingizga iymonning olti rukni va islomning besh ustunini tanishtiring. Iymonning olti rukni: Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, bizlarga keladigan yaxshilik va yomonlik qadar ekaniga iymon keltirish. Islomning besh ustuni: Alloh va Rasuliga shahodat keltirmoq, namozni ado etmoq, zakot bermoq, ramazon ro‘zasini tutmoq, borishga qudrati yetgan kishiga haj qilmoq.
- Farzandingiz ko‘nglida Rasululloh shaxsiyatlariga muhabbat uyg‘oting. Dilbandingizni U Zotni xushbo‘y hayot yo‘llari va go‘zal axloqlari bilan ulg‘aytiring. Ismlari zikr qilinganda U zotga salavot aytishga targ‘ib qiling.
- Farzandingiz ko‘ngliga mustahkam va ulug‘vor diniy his tuyg‘uni, sharafli islomiy axloq urug‘ini eking. Islom odoblari bilan tarbiyalang.
- Halol va xaromni taniting. Alloh taqiqlagan va ruxsat bergan har bir narsani alohida-alohida tanishtiring.
- Farzandingizni masjidlarga borishga, ularni ehtirom qilishga, namozlarni u yerda ado etishga odatlantiring. Namozlarni o‘z vaqtida ado etishga qiziqtiring.
- Rostgo‘y va solih do‘stlarni tanlashiga ko‘maklashing. Yomon do‘stlardan chetda saqlang.
- Allohning Kitobini o‘qishga, yod olishga, o‘rganishga va tushunishga qiziqtiring.
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning pokiza sunnatlari va nabaviy duolarni o‘rgating. Ovqatlanish paytida bismillah , undan bo‘shagach alhamdulillah deyish, muazzin ovozini eshitganda azon kalimarini birga takrorlash, uxlayotganda va uyg‘onganda, bir joyga kirganda va chiqqanda o‘qiladigan nabaviy duolarni o‘rgating.
- Farzandlaringiz o‘rtasida adolat qiling, bir-birlaridan ustun qo‘ymang, barchalari sizni oldingizda barobar bo‘lishsin.
- Farzandingiz sizga taqlid qilishini yodingizda tuting, yaxshi yo‘lboshchi bo‘lsangiz, u ham shunday bo‘ladi.
- Foydali jismoniy mashg‘ulotlarga jo‘nating.
- Farzandingizga rostgo‘ylik, omonatdorlik, pokizalik, shijoatlilik, sahiylik, kechirimlilik, mehribonlik, yaxshilikni yoyish, boshqalarga yordamlashish, adolat va sahovat kabi go‘zal xulqlarni sevdiring.
- Farzandingizni yolg‘on, o‘g‘irlik , xiyonat, zulm, dushmanlik, xasad, g‘iybat, chaqimchilik, fribgarlik kabi yomon odatlardan chetlating.
- Yoshlikdan pokizalikka odatlantiring. Namozga qandoq tahorat qilishni o‘rgating. Kiyimlari va badanini pokiza tutishga, tirnoqlarini olib yurishga, ovqatlanishdan oldin va keyin qo‘llarini yuvishga shijoatlantiring.
- Farzandlaringizning avratlarini yoshlikdan yopishga qiziqtiring, toki balog‘atga yetgunlaricha odat bo‘lib qolsin. Kalta, tor va yupqa liboslar kiyishlariga yo‘l qo‘ymang. O‘g‘il bola va qiz bolaning o‘ziga xos kiyimi bo‘lishini tushuntiring.
- Axloqsizlarning liboslaridan, ommaviy madaniyat girdobiga tushib qolishdan, ularni hayotlaridagi barcha yomon odatlardan chetda saqlang.
- Yomon turmush tarziga olib boradigan barcha yo‘llarni to‘sing. Insonga zararli, islomiy shariat man qilgan barcha o‘yinlardan chetda saqlang. Bu o‘yinlarni nimaga man qilinganini tushuntiring. Xususan, inson fikrini buzadigan, salomatligiga ta’sir qiladigan, xotirjamligini yo‘qotadigan zamonaviy kompyuter o‘yinlaridan himoyalang.
- Farzandingizni tushunish qobiliyati ulg‘ayishiga e’tibor qarating. Buning uchun foydali kitoblar, manfaatli kompyuter dasturlari, islomiy go‘zal tushunchalar bilan yo‘g‘rilgan ibratli hikoyalardan foydalanishdan charchamang.
- Farzandingizni mehmonni ikrom qilishga, ehtiromini joyiga qo‘yishga, qo‘shnilarga yaxshilik qilishga va ularga aziyat bermaslikka odatlantiring. Ota-onaning haqlarini, musulmonning birodari oldidagi haqlarini, qarindoshlar, do‘stlar va ustozlarning haqlarini o‘rgating.
- Yo‘l qoidalariga amal qilishga, yo‘lda xotirjam, viqor bilan yurishga, tozaligini saqlashga, iflosliklarni otmaslikka, musulmonlarga aziyat beradigan narsalarni olib, yo‘ldan uzoq qilishga, har xil nojo‘ya holatlardan ko‘zni tiyishga, ovozni baland ko‘tarmaslikka va shovqin-suron qilmaslikka odatlantiring.
- Farzandingiz qalbiga musulmonlarga va ularning islomiy hayotlariga muhabbat urug‘ini eking. Garchi ular dunyoni turli nuqtalarida yashasalarda, tillari va millatlari turlicha bo‘lsada.
- Tanigan va tanimagan kishiga islomiy mukammal salomni berishga qiziqtiring. Salomni birinchi aytishning fazilatini eslatib turing.
- Bo‘sh vaqtini birga o‘tgazishga va foydali o‘yinlarni o‘ynashiga hamroh bo‘ling. Qalbiga shodlik, xotirjamlik olib kirishga harakat qiling.
- Farzandingiz ko‘nglida sizga nisbatan ishonch urug‘larini eking. Xatosi sababidan siz bilan ochiq gaplashishdan qo‘rquv to‘siq bo‘lmasin.
- Doimo muloyimlik va mehribonlik bilan to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating. Muloyimlik ko‘rsatish mumkin bo‘lgan o‘rinda hech qachon qattiqqo‘llik va qo‘pollik qilmang.
- Farzandingiz xato qilganida maxfiy nasihat qiling, boshqalarni oldida hech qachon jazolamang.
- Jazolashda urishga odatlanmang. Ko‘p kaltak yegan bola og‘zaki tahdidlardan qo‘rqmay qoladi.
- Jazolashda haddan oshmang, yengil ham tashlab qo‘ymang. Balki qatiqqo‘llik va muloyimlikning o‘rtasida bo‘ling.
- Munosib jazoni tanlashda ziyrak bo‘ling. Jazo og‘zaki tanbeh, bir muddat gaplashmay qo‘yish, kunlik yoki haftalik ehtiyojlarining ba’zisini man etish bo‘lishi mumkin. Unutmang! Jazodan maqsad tarbiya berish. Munosib jazo farzandingizni xatodan to‘xtatadi va to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.
- Farzandingiz aqlini, yoshini, qarashlarini, topshiriqlaringizga yondoshuvini e’tiborga oling, garchi uning ishlari sizga xato tuyulsada.
- Farzandingizga kompyuter, internet kabi zamonaviy vositalar bilan muomala qilishni va xorijiy tillarni o‘rgating.
- Farzandingizni eshiting. Gaplarini bo‘lavermang. Shunda u boshqalarni chiroyli eshitishni va gaplarini bo‘lmaslikni odat qiladi.
- Farzandingiz yoshiga munosib savollar bilan sizni qiynaganda, garchi noto‘g‘ri bo‘lsa ham, uning aqliy salohiyati tushunadigan misollar bilan to‘g‘ri tomonga yo‘naltiradigan munosib javob berishga harakat qiling.
- Farzandingizga sarf-harajat qilishni, pullarini to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgating. Topshiriqlaringizni bajarishiga yordamlashing, kamchilikka yo‘l qo‘ysa, ko‘p malomat qilmang, noto‘g‘ri ish qilsa, umidsizlikka tushmang.
- Farzandingizni foydali to‘garaklarga, til o‘rganish, Qur’on yodlash kurslariga jalb qiling.
- Uylarga va xonalarga kirish oldidan ruxsat so‘rashga odatlantiring. Uxlash paytida har birlariga o‘zlari uchun to‘shak qilib bering. O‘g‘il va qiz bolalarga alohida xona ajrating.
- Topshiriqlarni o‘zlashtirishida takrorlash uslubidan foydalaning. Natija chiqishida sabrsizlik qilmang. Muvaffaqiyatga erishishida noumid bo‘lmang.
- Ta’limda tadrij-bosqichma bosqichlik yo‘lidan boring. Bir necha topshiriqni birdaniga berib og‘irlikni tashlamang. Umrning har bir yoshida o‘z vazifalari bor. Nabiy alayhissalom: Farzandlaringiz yetti yoshga yetganlarida namozga buyuring. O‘n yoshga yetganlarida (agar o‘qimasalar) uring. Yotish joyida o‘rtalarini ajrating , deganlar.
- Qiziqtirish va ogohlantirish uslubidan foydalaning. Masalan: buni qilgan kishiga mana bunday mukofotlar bor. Buni qilgan kishiga mana bunday jazolar bor. Bu ham siz uchun yagona yo‘l bo‘lib qolmasin.
- Farzandingizga va’da qilgan mukofot va hadyalarni hech qachon bajarmay qo‘ymang. Belgilangan jazoni bajarishdan gohida o‘zingizni tiying.
- Imkon qadar u bajara olmayotgan vazifalar haqida u bilan gaplashing. Oson yo‘lni ko‘rsating, shijoatlantiring. Ko‘pincha bolalar bilan shunday qilinsa yaxshi natija beradi.
- Farzandingizni buyuk ishlarni qilishga muhabbatli qilib, oliy maqsadlarga yetish uchun tinimsiz harakat qilish zarurligini tushuntirib ulg‘aytiring. Dangasalik, loqaydlik, maqsadsizlik kabi salbiy illatlardan himoya qiling.
- Farzandingizga islom soyasidagi buyuk tarixni, uni paydo bo‘lish jarayonini va Alloh taoloni doimiy yordamini taniting. Islomiy aqida bilan maqsad sari bardavom harakat qilish natijasida bu buyuk tarix vujudga kelginini zehniga joylang.
- Bu yo‘lda chekilgan mashaqqat va zahmatlar, dushmanlar tomonidan ko‘rsatilgan hiylayu nayranglar va berilgan jonlar-u, to‘kilgan qonlarni yodda tutishimiz lozimlgini tushuntiring.
- Eyish, ichish, kiyinish, yashash va ulovda Alloh berganiga qanoat qilishga odatlantiring. Boshqalarga qarab yashashdan tiyilishga o‘rgating.
- Ba’zan ishlarda u bilan ham maslahatlashing. To‘g‘ri fikrlarini inobatga oling.
- Ko‘p bolalar nima yaxshi-yu, nima yomonlgini ko‘pincha bilishmaydi. Ana shunda siz: Aziz bolajonim bu ishni yaxshi bolalar qilishadi, mana bu ishni esa yomon bolalar qilishadi. Shubha yo‘qki, sen yaxshi bolalardan birisan, qay bir ishni qilasan? deya yaxshi tomonni tanlashiga yordamlashing.
- Farzandingiz qobiliyatini bilib oling va uning aqli, salohiyati yetadigan narsarda dalda bo‘ling. Toqati yetmaydigan narsalarni yuklamang.
- Yuqorida sanab o‘tilgan narsalarni qo‘llashda Allohdan yordam so‘rang. Farzandingizga hidoyat va salohiyat so‘rab ko‘p duo qiling.Allohim to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmagin va holis roziliging uchun qabul qilgin..