Farg‘ona viloyatida 41 yoshli fuqaro hujum quroli va 16 kgdan ortiq narkotik moddalar saqlagani aniqlandi. Sud uni kontrabanda va giyohvand moddalarni saqlash ayblari bilan 15 yil ozodlikdan mahrum etdi.
2024 yil noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Pop tumanida Lacetti avtomobili to‘xtatildi. Mashinada yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan, 41 yoshli Dang‘ara tumani fuqarosining qo‘lidagi yo‘l sumkasidan 3 kg 887 g opiy va 9 kilogramm 839 g gashish aniqlandi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar unga Tojikiston fuqarosi bo‘lgan sherigi tomonidan berilgan. Tergov harakatlari chog‘ida jinoyatda gumonlanuvchining Dang‘ara tumanidagi yer uchastkasidan yana 1 kg 902 gr opiy va 857 g gashish, shuningdek, Makarov pistoleti, ikki dona magazin va 18 ta o‘q-dorilar topildi.
Sud tergov natijalariga asoslanib, ayblanuvchini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash, sotish va tayyorlash) bo‘yicha aybdor deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, u 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Mazkur holat yuzasidan videomateriallar ham tarqatilgan bo‘lib, jamoatchilikka ushbu jinoyat haqida aniq tasavvur berishga qaratilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bunday jinoyatlarga nisbatan qattiq choralar ko‘rilishini yana bir bor ta’kidlashdi.