Farg‘ona shahriga jamoat transporti uchun Xitoy Xalq Respublikasidan 24 ta zamonaviy avtobus olib kelindi.
Transport vazirligining ma’lum qilishicha, yangi avtobuslar Farg‘ona shahrida ikkita yangi yo‘nalishga qo‘yilib har kuni o‘rtacha 10 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, viloyatda jamoat transportini yanada rivojlantirish maqsadida 2025 yil aprel oyida viloyat transport boshqarmasi va 9 ta tashuvchi korxona rahbarlarining Xitoyga xizmat safari amalga oshirildi. Safar davomida “Zong Tong” va “Asiya Star” kabi mashhur ishlab chiqaruvchilar bilan 384 ta avtobus va mikroavtobus xarid qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 19,5 mln dollarni tashkil etadi.
Ushbu avtobuslar yozda sovitish, qishda isitish tizimiga ega bo‘lib, “GPS” tizimi va har tomonlama videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan.