Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Farg‘onada shifokor kaltak yedi! Bunga nima sabab bo‘lgandi?

Farg‘onada shifokor kaltak yedi! Bunga nima sabab bo‘lgandi?

24 yanvar kuni Buvayda tumanidagi Nayman qishloq vrachlik punktida o‘z vazifasini bajarayotgan umumiy amaliyot shifokori Mo‘ydinjon Jo‘rayevni Jov mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi N.U. kaltakladi. Bu haqda Xalq so‘zi onlayn xabar berdi.

Bu xabarni eshitib shifokor Mo‘ydinjon Jo‘rayev bilan uchrashdik.

Ha, haqiqatan ham shunday voqea bo‘ldi, dedi biz bilan suhbatda Mo‘ydinjon Jo‘rayev. O‘sha kuni chaqaloqlar emlanayotgan edi. Jov mahallasida yashovchi ayol uch oylik chaqalog‘ini emlatishga olib keldi. Ammo unda chesotka ya’ni qichima kasalligi borligini aniqladim. Bola qachonki sog‘-salomat bo‘lsa, emlash uning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasa, keyin emlanadi. Men u ayolga Farzandingizni dermatolog ko‘rigiga olib boring. Bu yuqumli kasallik. Qancha tez tuzatsangiz shuncha yaxshi , dedim. Har bir bemorni ko‘rikdan o‘tkazganimizdan so‘ng albatta qo‘l yuvishimiz kerak. Men ham keyingi bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun qo‘limni yuvgani tashqariga chiqdim, kelsam ayol haliyam ketmabdi. Men unga Tezroq bolangizni markaziy poliklinika, dermatologga olib boring dedim.

Bir soatlardan keyin xonaga bir yoshi kattaroq kishi va yigit kirib keldi. Sizmi kelinoyimni haqorat qilgan , deb menga o‘dag‘aylay boshladi. Avvaliga hech narsani tushunmadim, keyin u yigitning gap-so‘zlaridan o‘sha chesotka toshgan bolaning amakisi ekanligini angladim. U bola menga do‘q-po‘pisa qilib, musht tushirishga shaylanayotgan paytda QVPning katta feldsheri Ro‘zali Vahobov kelib qoldi. U kishi yigitning qo‘lidan mahkam ushlab, Ey, bola, nima qilyapsan, tinchlikmi? deb turgan joyida yigit peshonamga boshi bilan bir soldi. Peshonamdan tirqirab qon chiqib ketdi. QVPning o‘zida hamshiralar menga birinchi yordamni ko‘rsatdi va meni hamkasbim Ahmadjon Umarovning o‘g‘li mashinasida tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelishdi. Peshonam yirtilgan ekan, u yerda tikishdi.

Men kasal ko‘rgani chiqib ketgandim, dedi Mo‘ydinjon Jo‘rayevning hamkasbi Ahmadjon Umarov. Kelganimda Mo‘ydinjonning peshonasini hamshiralar bog‘lashayotgan ekan. Jarohatni tikish kerak , deyishdi. Men o‘g‘limni Mashinani olib chiq , deb chaqirdim. Mashinada Mo‘ydinjonni tuman tibbiyot birlashmasiga olib bordik.

Aslida hudud kattaligi uchun 6 shtat birligida oliy ma’lumotli umumiy amaliyot shifokori ishlashi kerak. Ammo 1 fevralgacha faqat ikki kishi ishladik. Qishloq joylarida bir stavkada ishlaydigan shifokor 700 nafar aholiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Biroq 11 ming aholiga ikki kishi qaraymiz. Mana shu kunlarda ham bir kunda 60 nafargacha bemorni qabul qilyapmiz. Bunga jismonan ulgurish qiyin. Ayniqsa, hozir o‘tkir respirator, nafas yo‘li, kamqonlik, shamollash, bronxit, tonzillit kabi kasalliklar ko‘paygan paytda. Undan tashqari, tibbiy ko‘rikka ham ko‘pchilik keladi.

Emlama kuni odam ko‘p bo‘ladi. Do‘xtir bemorga nima deganini bilmayman, ammo ayol kishi uyiga borib, do‘xtirning gapini boshqacha talqin qilgan bo‘lishi mumkin.

Qishloq vrachlik punktida faqat umumiy amaliyot shifokori bo‘ladi xolos, qishloq oilaviy poliklinikasida esa barcha sohadagi mutaxassislar ishlaydi. Biz tashxis qo‘yib, kasalni mutaxassisga yo‘naltiramiz. Masalan, bemorga jarroh ko‘rigi kerakdir yoki ayollarga ginekolog ko‘rigiga yo‘llanma yozib beramiz, dedi Ahmadjon Umarov.

Nayman QVP 11 mingdan oshiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ikki ming nafar. Bu yerda 12 nafar patronaj hamshirasi mehnat qiladi. Ularga 750 780 nafardan kishi to‘g‘ri keladi. Ikki nafar umumiy amaliyot shifokori ham pensiya yoshidagi kishilar.

Ahmadjon Umarovning aytishicha, agar yoshlar bu yerga ishga kelsa, bemalol ularga o‘rin bo‘shatib, pensiyaga chiqib ketishga rozi. QVPda oliy ma’lumotli shifokorlar yo‘qligi uchun ikkala xodim ham noiloj ishlamoqda.

Mo‘ydinjon bolasi bilan kelgan ayolga nima deganini bilganim yo‘q, ammo Mo‘ydinjonni o‘sha yigit urganiga guvohman. Men ikkalasini ajratayotganimda yigitning dadasi Aralashmang, do‘xtir, ikkalasi gaplashvolsin , dedi. Yigitning ikkala qo‘lini ham ushlab oldim, shunda u boshi bilan do‘xtirni ikki qoshi o‘rtasiga bir soldi. Darrov do‘xtirga birinchi yordam ko‘rsatdik va uchastka inspektorini chaqirdik, dedi QVP katta feldsheri Ro‘zali Vahobov.

Endi bu mavzuni yoritishni nima keragi bor?! dedi o‘zini Nayman MFY mutaxassisiman deb tanishtirgan ayol. Do‘xtir u yigitni kechirdi. U yigit ham do‘xtirdan kechirim so‘radi.

Bizning O‘sha yigitning qilgan ishi to‘g‘ri edimi? deb bergan savolimizga Hozir Prezidentimiz ham kechiryapti-ku, do‘xtir ham kechirsa bo‘laveradi , deya javob qaytardi u.

Jov MFY raisi esa ismini aytishni xohlamadi va yigitning do‘xtirni urgani haqidagi muammo yo‘qligini aytish bilan cheklandi.

Biror muammo bo‘lsa mening o‘zim sizga qo‘ng‘iroq qilaman, dedi rais buva, hozircha hech qanday muammo yo‘q.

33 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan, shu yillar davomida minglab bemorlarni davolagan shifokor o‘z haq-huquqlarini talab qilib Buvayda tumani Xalq qabulxonasiga kelsa-yu, uning arz-dodini eshitish, javobgarga munosib jazo berish o‘rniga tuman hokimi, tuman bosh imom xatibi kaltak yegan do‘xtirni kechirishga da’vat qilishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Ularning bu ishi tumanda jinoyatchilik yana bittaga ortmasligi uchun qilingan harakat ekan. Nahotki, jinoyatchilikka qarshi shunday kurashilsa?!

Menga tuman hokimi va imom xatibi U yigitni kechiring, da’vo-dostonim yo‘q deb yozib bering. Tumanimizda jinoyatchilik soni oshib ketmasin , deyishdi. Shundan keyin men da’vo arizamni qaytarib oldim, dedi Mo‘ydinjon Jo‘rayev.

Ammo bu haqda keng jamoatchilikka bildirish kerakligini, shifokorlarning haq-huquqlarini tiklash uchun qandaydir amaliy ishlar qilinishi zarurligini aytib o‘tdi.

Mushtumzo‘r ni qidirib uning ustaxonasiga bordik. Mashina tuzatadigan usta ekan. Ammo o‘zi bilan yuzma-yuz uchrasholmadik. Telefon orqali bog‘langanimizda, u yigit ham ayni rahbarlarning gapini takrorladi.

Hammasi yaxshi, biz kelishib oldik!

Bu hol hammada Maza qilib uraman, keyin hokim va tuman bosh imom xatibini o‘rtaga qo‘yib bir og‘iz kechirib so‘rasam, jabrlanuvchi bilan kelishtirib qo‘yishadi , degan fikrni uyg‘otmaydimi?

O‘zi shundoq ham yetishmayotgan oliy ma’lumotli, katta tajribaga ega bo‘lgan shifokorlarning har birining eshigi yoniga bittadan posbon qo‘yish vaqti keldimikan, yoki?!

Kiritildi: 14:43 15.02.2019. O'qildi: 2947 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!