Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda bir erkak boshqa bir fuqaro bilan janjallashib, avtomobili oynasini sindirib yuborayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 1 avgust kuni Farg‘ona shahrida yashovchi SH.S. “Yandeks” firmasi orqali taksi buyurtma qilgan hamda buyurtmani mazkur firma haydovchisi Farg‘ona shahrida yashovchi 2002 yilda tug‘ilgan I.R. qabul qilib, bir ozdan so‘ng o‘z boshqaruvidagi Cobalt'da SH.S. turgan S.Temur ko‘chasiga yetib kelgan.
Biroq, fuqaro SH.S. haydovchi I.R.ning telefon apparati o‘chib qolganligidan va uning qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganidan jahli chiqib, u bilan o‘zaro janjallashgan va I.R.ning avtomashinasi oynalarini tosh bilan urib sindirib yuborgan.
Hozirda holatning barcha ishtirokchilari shaxsiga oydinlik kiritilib, Farg‘ona shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mulkka yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha, tegishli tartibda ekspertiza tayinlangan.