Bugun 14 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Farg‘onada bosqinchiga sud hukmi o‘qildi

Farg‘onada bosqinchiga sud hukmi o‘qildi

Bosqinchilik - o‘zganing mol-mulkiga qarshi qaratilgan eng xavfli jinoyatlardan biri bo‘lib, uni sodir etganlik uchun javobgarlik amaldagi Jinoyat kodeksining 164-moddasida nazarda tutilgan. Bosqinchilikning ijtimoiy xavfliligini yuqoriligi, avvalo, shu bilan bog‘liqki, bu jinoyat natijasida o‘zganing mol-mulki egallab olinayotganda jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga ham ziyon yetkaziladi yoxud bunday ziyon yetkazilishi uchun real xavf vujudga keladi.

Sudlanuvchi A.Shafiyev o‘ta xavfli residivist bo‘lgani holda, qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan narsani ishlatib, o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan bosqinchilik hamda ma’muriy nazorat qoidasini buzish jinoyatlarini quyidagi holatlarda sodir qilgan.

Jumladan, A.Shafiyevga muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudining qaroriga asosan 6 oy muddatga ma’muriy nazorat o‘rnatilib, har oyning 10, 25 kunlari shahar IIB HPBdan o‘tish, tungi soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 qadar yashash uyini tark etmaslik, jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilib mast holda yurmaslik, Farg‘ona shahar IIBning ruxsatisiz doimiy yashash joyini tashlab ketmaslik va belgilangan hududdan tashqariga chiqmaslik taqiqlangan. A.Shafiyev Farg‘ona shahar IIB tomonidan 2022 yil 17 yanvar kuni ma’muriy nazorat qoidalariga rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Sudlanuvchi A.Shafiyev ma’muriy nazorat qoidalarini buzganligi uchun muqaddam Farg‘ona shahar ma’muriy sudining qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 206-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, ya’ni 223.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan bo‘lsada, Farg‘ona shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ma’muriy nazorat qoidalarini buzib, yashash uyida yo‘qligi aniqlanib, xolislar ishtirokida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, A.Shafiyev o‘zganing mulkini talon-taroj qilish maqsadida 7 mart kuni soat 18:30 larda Farg‘ona shahar Navro‘z ko‘chasida o‘zidan oldinda piyoda harakatlanib ketayotgan R.Toymazovga qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan hujum qilib, pichoqni R.Toymazovning bo‘yin sohasiga tirab, hayot va sog‘lik uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, R.Toymazovni qo‘rqitib, undan pul talab qilgan.

Sud tibbiy ekspertizasining № 4-916-sonli xulosasiga ko‘ra, R.Toymazovning chap bilak-kaft bo‘g‘imi sohasida shilinma aniqlanib, ushbu tan jarohati 6 kundan ko‘p davom etmaydigan tez o‘tib ketuvchi, yengil shikastlarga kirishi ko‘rsatilgan.

Sud, ish bo‘yicha sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab, ish hujjatlarini o‘rganib, atroflicha muhokama qilib, jinoyat ishida to‘plangan dalillarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqib, A.Shafiyevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi "b" bandi, JKning 226-moddasi 1-qismi bilan aybli deb, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Abdurasul Minojiddinov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining sudyasi

Kiritildi: 16:54 06.06.2022. O'qildi: 1838 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!