Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Farg‘ona viloyatida jinoyatchilikning ayrim turlari nega ko‘paymoqda?

Farg‘ona viloyatida jinoyatchilikning ayrim turlari nega ko‘paymoqda?

Farg‘onada Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan majlisda Respublika komissiyasi va 1-mintaqaviy Ishchi guruhi a’zolari, senator va deputatlar, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda Ishchi guruh tomonidan Farg‘ona viloyatida joriy yilning o‘n oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari tahlil qilindi.

Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 1-mintaqaviy Ishchi guruhi hamda viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘tgan davr mobaynida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Har bir mahalla, shahar, tumanlarga xos bo‘lgan jinoyatchilik holati tahlili qilinib, mutasaddi tashkilotlaridan olingan ma’lumotlar asosida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yo‘l xarita”larida asosiy e’tibor mahallalar va ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, notinch oilalar, huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan individual ishlash, ishsizlikni bartaraf etish, ayollar, voyaga yetmaganlar, yoshlar va muqaddam sudlanganlarning jinoyat sodir etishlarini oldini olish, sayyor sud majlislarini joylardagi jinoyatchilik holatdan kelib chiqib samarali o‘tkazish, o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olishga qaratildi. "Xavfsiz hudud", "Xavfsiz shahar" konsepsiyalari tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Natijada, umumiy sodir etilgan jinoyatlar 32,18 foizga, jinoyat-qidiruv yo‘nalishida 34,12 foizga, og‘ir turdagi jinoyatlar 11,55 foizga, o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar 41,6 foizga kamayishiga erishildi.

Biroq, yuqoridagi ko‘rsatkichlar kriminogen vaziyat viloyatning barcha hududlarida barqaror ekanligi ko‘rsatmaydi. Firibgarlik jinoyati Farg‘ona, Bag‘dod, So‘x tumanlarida, o‘g‘rilik jinoyati Buvayda tumanida, bezorilik Furqat tumanida oshgan. Jinoyatchilik xavfini erta aniqlash va uning kelib chiqishini bartaraf etish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida sektorlar faoliyati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, bezorilik kabi jinoyatlar ayrim hududlarda oshgani barchadan yanada mas’uliyatli bo‘lishni talab etmoqda.

Ta’lim muassasalari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar va boshqa mutasaddi idoralar faoliyati ham kutilgan natijalar bermayapti. Voyaga yetmaganlar tomonidan 92 ta, yoshlar tomonidan 1 ming 540 ta jinoyat sodir etilganligini qanday izohlash mumkin? Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar viloyatda 79 taga kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, Uchko‘prik, So‘x va Furqat tumanlarida oshgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ichki ishlar organlari bilan jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi hamkorligi lozim darajada tashkil qilinmagan. Viloyatdagi 1 ming 31 ta mahallaning 830 tasida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilib, ularning 218 tasida jinoyatlar soni oshgan.

Majlisda viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat prokurori va boshqa mutasaddilarning jinoyatchilikni oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan hisobotlari eshitilib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi.

Yig‘ilishda Respublika komissiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Farg‘ona viloyati hokimi SH.G‘aniyev ishtirok etdi.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 18:03 17.11.2018. O'qildi: 1463 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!