Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona shahri bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “M.G.” MCHJ rahbari M.B. Farg‘ona markaziy dehqon bozori hududidagi savdo do‘konida xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan turli nomdagi 4 449 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotuvga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Buloqboshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “M.I.” MCHJ rahbari I.M. savdo do‘konida noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlanib, undan 498 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.