Bugungi kunda dunyo miqyosida oliy ta’lim muassasalarining raqobatbardoshligini belgilab beruvchi muhim omillardan biri — xalqaro reyting tizimlarida munosib o‘rin egallashdir.
Shu nuqtai nazardan, Farg‘ona davlat universitetining QS Stars xalqaro reyting tizimida umumiy 4 yulduz “Rated for Excellence” (“A’lo darajadagi universitet”) darajasini qo‘lga kiritgani mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi uchun muhim yutuqdir. Bu natija nafaqat universitet jamoasining fidokorona mehnatini, balki O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro maydondagi obro‘sining ortib borayotganini ham ko‘rsatadi.
QS Stars — dunyodagi eng nufuzli reyting tizimlaridan biri bo‘lib, u universitetlarni 50 dan ortiq mezonlar asosida baholaydi. Mazkur tizim ta’lim sifati, infratuzilma, boshqaruv, bitiruvchilarning bandligi, xalqaro aloqalar, ijtimoiy ta’sir va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Farg‘ona davlat universitetining ushbu reytingda 4 yulduzli darajani qo‘lga kiritishi — o‘z faoliyatini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yganini tasdiqlaydi. Eng e’tiborli jihati shundaki, universitet ta’lim sifati, infratuzilma, boshqaruv tizimi va bitiruvchilarning bandligi yo‘nalishlarida eng yuqori — 5 yulduzli natijaga erishdi.
Ta’lim sifati – 5 yulduz. Universitetda o‘quv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtirilgan, zamonaviy pedagogik texnologiyalar joriy etilgan. Talabalarning o‘quv jarayonidan qoniqish darajasi yuqori, bu esa ta’lim samaradorligining muhim ko‘rsatkichidir.
Infratuzilma – 5 yulduz. Zamonaviy o‘quv binolari, raqamli kutubxona, laboratoriyalar, sport majmualari va axborot texnologiyalari bazasi — bularning barchasi ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Yaxshi boshqaruv – 5 yulduz. Universitetda boshqaruv tizimi ochiqlik, strategik rejalashtirish va ichki nazorat mexanizmlariga asoslangan. Samarali boshqaruv esa barqaror rivojlanishning asosiy kafolatidir.
Bitiruvchilarning bandligi – 5 yulduz. FarDU bitiruvchilari mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lib, ko‘plab ish beruvchilar tomonidan e’tirof etilmoqda. Bu esa ta’lim va amaliyotning uyg‘unlashganidan dalolat beradi.
Reyting natijalariga ko‘ra, universitet ijtimoiy ta’sir, san’at va madaniyat, turli-tumanlik va inklyuzivlik yo‘nalishlarida 3 yulduzli natijani qayd etdi. Bu esa, bir tomondan, universitetning jamiyat hayotidagi faolligini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, bu sohalarda yanada takomillashtirish uchun imkoniyatlar mavjudligini bildiradi.
Xususan, san’at va madaniyat sohasida xalqaro miqyosdagi hamkorlikni kuchaytirish, inklyuziv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, chet ellik talabalar sonini oshirish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalar rejalashtirilmoqda.
Farg‘ona davlat universitetining bu yutug‘i — jamoaning ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlik, ta’lim sifati va boshqaruv sohalarida olib borayotgan izchil islohotlari samarasidir.
Universitet kelgusida ham ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovasion ta’lim usullarini joriy etish orqali global ta’lim maydonida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.
Farg‘ona davlat universitetining QS Stars reytingda 4 yulduzli natija olgani — nafaqat universitet jamoasi, balki butun O‘zbekiston ta’lim tizimi uchun faxrli voqeadir. Bu natija FarDUning xalqaro ta’lim makonida barqaror rivojlanayotgan, raqobatbardosh va istiqbolli oliy ta’lim maskani ekanini yaqqol isbotladi.
Farg‘ona davlat universiteti — sifatli ta’lim, ilmiy yangilanish va xalqaro e’tirof sari dadil qadamlar bilan!