Falastinlik muxbir Bisan Ovda G‘azodagi vaziyat tobora chidab bo‘lmas darajaga yetganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi Isroil kuchlari oziq-ovqat va suv ta’minotini to‘xtatib qo‘ygan va falastinliklar boshpana izlash imkoniyatiga ega bo‘lmasa-da, doimiy evakuasiya buyruqlarini bermoqda.
"Boradigan joyimiz yo‘qligi sababli vaziyat yanada og‘irlashayotganini his qilyapmiz. Ommaviy qirg‘inning boshida uyimdan qochib, Al-Shifo shifoxonasiga bordim. U yerda oilam bilan bog‘da bir oy yashab, ko‘chirilgan edik. Hozir turgan joyim evakuasiya qilinsa, qayerga borishimni bilmayman. Isroil armiyasi ba’zida kuniga bir necha marta evakuasiya buyruqlarini e’lon qilmoqda," - dedi Ovda Al Jazeera telekanaliga.
"Ikki haftadan beri kuniga bir mahal ovqatlanayapman, chunki Isroil 77 kundan buyon G‘azoga oziq-ovqat kiritishni to‘xtatib qo‘ygan. Tasavvur qiling - shifokorlar, hamshiralar, fuqaro muhofazasi xodimlari, barcha favqulodda vaziyatlar xizmatchilari shu ahvolda yashashmoqda. Biz holdan toyganmiz, juda charchaganmiz, to‘yib ovqatlanolmayapmiz, oilalarimiz boshpanasiz qolgan. Bularning barchasiga quruq qo‘l bilan dosh berayapmiz," deya u so‘ziga qo‘shimcha qildi.