Falastin prezidenti Mahmud Abbos agar unga biror narsa sodir bo‘lsa, uning o‘rnini Falastin milliy kengashi rahbari Ruhi Fattuh egallashini aytdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 75 yoshli Fattuh 90 kunlik vakolatga ega bo‘ladi, bu muddat davomida saylov o‘tkazilishi kerak. Ushbu muddat “fors-major” holatlarda uzaytirilishi mumkin.
Aslida Qonunchilik kengashi spikeri vaqtinchalik prezident vazifasini bajarishi kerak. Ammo HAMAS ko‘pchilikni tashkil qilgan mazkur kengash endi mavjud emas. Mahmud Abbos 2018 yilda o‘zining dunyoviy “Fatah” partiyasi va HAMAS o‘rtasidagi o‘n yildan ortiq keskinlikdan so‘ng uni rasman tarqatib yuborgan.
“Qonunchilik kengashi bo‘lmagan taqdirda, prezident lavozimi bo‘sh qolsa, Falastin milliy kengashi raisi bu vazifani vaqtincha bajaradi”, dedi Abbos.
89 yoshli Abbos 2009 yilda Falastin rahbari sifatidagi muddati tugaganiga qaramay, hamon hokimiyatni boshqarmoqda. U voris yoki vise-prezident tayinlash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan bosimga qarshilik ko‘rsatib kelgan.