AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar uchun barcha imkoniyatlar faqat o‘zida ekanligini ta’kidlayotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi 200 milliard yevrolik "maxfiy qurol"ga ega ekanligi haqida Politico xabar bermoqda.
Bu Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bo‘lib, asosan Bryusseldagi Euroclear'da saqlanmoqda. YEI rahbarlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramay, ulardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqishmoqda.
AQSh Rossiya aktivlarining atigi 5 milliard dollarini nazorat qilmoqda. Yevropalik siyosatchilarning fikricha, agar AQSh o‘z yordamini kamaytiradigan bo‘lsa, aktivlarni muzdan chiqarish Ukrainaga ko‘mak berishi mumkin.
Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxkna bu mablag‘lar Amerika yordami o‘rnini bosa olishini ta’kidladi.
Biroq, Fransiya, Germaniya va Italiya kabi ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari muzlatilgan aktivlardan foydalanish investorlarni cho‘chitishi va Yevropa Ittifoqining muzokara mavqeini zaiflashtirishidan xavotirda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron aktivlarni muzlatish muhimligini, biroq ularni musodara qilish noqonuniy bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.