Evroparlament ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun minimal yoshni 16 yosh etib belgilash to‘g‘risidagi rezolyusiyani ma’qulladi
Bu haqda Reuters yozmoqda.
"Evroparlament 483 ovoz bilan qo‘llab-quvvatlagan rezolyusiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning onlayn platformalar, video almashish saytlariga ota-ona roziligisiz kirishini taqiqlash, 13 yoshgacha bo‘lganlar uchun esa to‘liq taqiq joriy etish taklif qilindi. Deputatlar yoshlar orasida ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanish sabab kuchayib borayotgan ruhiy salomatlik muammolariga e’tibor qaratmoqda", deyiladi agentlik xabarida.
Shuningdek, rezolyusiyada real pulga yutib olish yoki sotib olish mumkin bo‘lgan virtual buyumlar va voyaga yetmaganlar uchun jalb qilish asosidagi tavsiyalar algoritmlarini taqiqlash talab qilingan.
Qayd etilishicha, mazkur majburiy kuchga ega bo‘lmagan rezolyusiya Avstraliya, Daniya va Malayziya shunga o‘xshash choralarni ko‘rib chiqayotgan bir paytda qabul qilindi.