Nashrning yozishicha, bu Yevropa davlatlarining so‘nggi rejasi bo‘lib, unda tinchlikparvar kuchlar jang maydoni chizig‘i bo‘ylab joylashtirilmasligi, biroq Rossiya qo‘shinlari urushni qayta boshlasa, qurolli qarshilik qilishga tayyor bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Fransiya buning uchun 10 ming nafar askar ajratishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, yevropalik yetakchilar Tramp jamoasi bilan AQShning qanday yordamiga umid qilishlari mumkinligini aniqlashga harakat qilmoqda. Vashington o‘z harbiylarini Ukrainaga yuborishni istisno qilgan, ammo WP manbalariga ko‘ra, Yevropa davlatlari Qo‘shma Shtatlardan razvedka ma’lumotlari, ehtimoliy havo yordami va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha ko‘makka umid qilmoqda.
Avvalroq The Economist AQSh Xitoy va Braziliyadan tinchlikparvar kuchlarni jalb etish variantini ham taklif qilgani haqida xabar bergan edi. Nashrning yozishicha, Qo‘shma Shtatlar vise-prezidenti Jey Di Vens faqatgina Yevropa kontingenti Rossiyani tiyib turishda yetarli samaradorlikka ega bo‘lmasligini aytgan.