7 noyabr kuni Budapeshtda Yevropa siyosiy hamjamiyatining beshinchi yig‘ilishi boshlandi. Forum kun tartibidan xavfsizlik, noqonuniy migrasiyaga qarshi kurash, iqtisodiy barqarorlik va iqlim o‘zgarishi masalalari o‘rin olgan.
Sammitda Turkiya 🇹🇷 delegasiyasiga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an boshchilik qilmoqda. Muhokamalarda 40 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Sammit respublikachi Donald Trampning AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi fonida o‘tmoqda, bu esa Vashingtonning Ukraina va uning NATOdagi ittifoqchilariga munosabatini o‘zgartirishi mumkin.
Yig‘ilishga raislik qilgan va Trampning ittifoqchisi sanalgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi uchun yangi strategiya zarurligini allaqachon ma’lum qilgan. Orban avvalroq Ukrainada hech qanday shartlarsiz tinchlik muzokaralarini yoqlab chiqqan, bu na Moskva, na Kiyev tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida bo‘linishlarga sabab bo‘lgan, aksariyati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda turib olgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Budapeshtdagi nutqida Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilish Yevropa manfaatlariga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi. U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlarining mudofaa mustaqilligi muhimligini qayd etib, Yevropa mudofaa masalalarini AQShga topshirmasligi kerakligini aytdi.