Bugun 14 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 18-paketiga nimalar kiradi?

 Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 18-paketiga nimalar kiradi?

Seshanba kuni Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 18-paketi loyihasini taqdim etdi. Cheklovlar energetika sektori, bank tizimi va mudofaa sanoatida foydalaniladigan mahsulotlar eksportiga tegishli. Bu taklif 10-iyun kuni Bryusselda Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen tomonidan bildirilgan.

Yangi paket Rossiya banklari va energetika kompaniyalari uchun cheklovlarga qaratilgan, dedi u, shuningdek, eksport ustidan nazoratni kuchaytirish va sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashni o‘z ichiga oladi.

🗣 " Biz birinchi marta "Shimoliy oqim 1" va "Shimoliy oqim 2" bo‘yicha tranzaksiyani taqiqlashni taklif qilmoqdamiz. Bu shuni anglatadiki, hech bir Yevropa Ittifoqi operatori "Shimoliy oqim" quvurlari bo‘yicha har qanday tranzaksiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ishtirok eta olmaydi. O‘tmishga qaytishning iloji yo‘q ", dedi fon der Lyayen.

❕ Yangi paketning asosiy elementlaridan biri neft narxining yuqori chegarasini bir barrel uchun 60 dollardan 45 dollarga tushirishdir.

" Neft eksporti hamon Rossiya davlat daromadlarining uchdan bir qismini tashkil etadi. Biz bu daromad manbasini qisqartirishimiz kerak ", - deya tushuntirdi Yevrokomissiya rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, neft narxini cheklash G7 davlatlarining umumiy siyosatining bir qismidir. Kelgusi hafta Kanadadagi sammitda bu masala muhokama qilinadi.

Narxlar chegarasiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun Yevrokomissiya Rossiyaning “soya floti”da foydalaniladigan yana 77 ta kemaga nisbatan sanksiyalar joriy etishni taklif qilmoqda . Hozirda 342 ta bunday kema sanksiyalar ostida. Shuningdek, Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini import qilishni taqiqlash taklif qilinmoqda.

▪️ Sanksiyalarning ikkinchi bloki bank sektoriga tegishli.
Rossiya banklarining nafaqat moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini cheklash, balki ularga operasiyalarni amalga oshirishni butunlay taqiqlash taklif qilinmoqda. Ushbu taqiqni yana 22 Rossiya bankiga uzaytirish taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, Yevropa Komissiyasi ushbu cheklovlarni sanksiyalardan bo‘yin tovlash sxemalarida ishtirok etayotgan uchinchi davlatlarning moliyaviy operatorlariga ham joriy qilmoqchi. Shuningdek, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya jamg‘armasi, uning sho‘ba korxonalari va loyihalariga qarshi ham sanksiyalar taklif etilmoqda.

▪️ Uchinchi nuqta - 2,5 milliard yevrodan ortiq eksport taqiqlari.
" Biz mashinasozlik, metall, plastmassa va kimyoviy mahsulotlarni nishonga olamiz. Ular sanoatda xomashyo sifatida ishlatiladi. Shuningdek, biz uchuvchisiz samolyotlar, raketalar va boshqa qurollarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan ikki maqsadli mahsulot va texnologiyalar eksportini cheklayapmiz. Biz Rossiya qurollarini Yevropa texnologiyalari hisobiga modernizasiya qilmasligiga ishonch hosil qilmoqchimiz ", - dedi fon der Leen.

▪️ To‘rtinchi blok - mavjud tranzaksiya cheklovlarini kengaytirish.
Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi yana 22 ta Rossiya va xorijiy kompaniyalarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish taklif qilinmoqda.

" (Rossiya prezidenti Vladimir) Putinning urushni davom ettira olishi ko‘p jihatdan u uchinchi davlatlardan oladigan qo‘llab-quvvatlashga bog‘liq. Rossiya urushini va Ukrainani bosib olish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi ”, dedi Yevrokomissiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, YEIning Rossiyaga qarshi oldingi, 17-sanksiya paketi 20-may kuni tasdiqlangan edi. Unda kimyoviy qurol qo‘llash hamda YEI davlatlari va ularning hamkorlarida beqarorlashtiruvchi harakatlar uchun cheklovlar kiritilgan edi.

Kiritildi: 15:08 11.06.2025. O'qildi: 713 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!