Evropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-bosqichi doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi ayrim moliya institutlariga nisbatan cheklov choralarini e’lon qildi. Bu haqda Yevrokomissiya rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Rossiya banki VTBning Qozog‘istondagi filiali, Qirg‘izistonning Tolubay va Yevroosiyo jamg‘arma banklari, shuningdek, Tojikistonning Dushanbe City Bank, Spitamen Bank va Commerzbank moliya muassasalari sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shuningdek, Belarusda faoliyat yuritayotgan VTB, Sberbank, Alfa-Bank, BelVEB va Belgazprombank filiallari ham cheklovlarga duch keldi. YEI sanksiyalari Payeer to‘lov tizimini ham qamrab oladi.
Mazkur chora-tadbirlar 2025 yil noyabr–dekabr oylarida kuchga kiradi.
Yangi sanksiya paketi, shuningdek, 2027 yilgacha Rossiyadan suyultirilgan gaz importni bosqichma-bosqich taqiqlash, Rossiyaning “soya floti” deb ataluvchi 117 ta tankerini qora ro‘yxatga kiritish va “Rosneft” hamda “Gazprom neft” bilan operasiyalarni to‘liq to‘xtatishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Bryussel Rossiyaga sanksiyalardan qochishda yordam berayotgan deb topilgan 45 ta kompaniyaga nisbatan ham cheklov kiritgan — ular orasida Xitoy va Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan 12 ta tashkilot mavjud.