AFP ning xabar berilishicha, deportasiya markazi tashkil etilishi haqida 16 noyabr, dushanba kuni rasman e’lon qilinishi kutilmoqda. Kelishuvda Germaniya, Avstriya, Gresiya, Daniya va Niderlandiya ishtirok etmoqda.
Ushbu deportasiya markaziga boshpana berish haqidagi arizasi rad etilgan, ammo o‘z vataniga qaytarib yuborish imkoni bo‘lmagan odamlar jo‘natiladi. Markaz faoliyati Yevroparlament tomonidan iyun oyida ma’qullangan migrantlarni deportasiya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining yangi reglamentiga asoslanadi.
Inson huquqlari himoyachilari bunday markazlarni tashkil etish g‘oyasini tanqid qilmoqda. Xususan, Xalqaro qutqaruv qo‘mitasi vakili Marta Velanderga ko‘ra, Yevroittifoqning yangi reglamenti migrantlarni YEI hududidan tashqaridagi qamoqxona tipidagi muassasalarda hibsda saqlashni odatiy holga aylantirib qo‘yadi.
Avvalroq Ruandadan tashqari Yevropa Ittifoqidan deportasiya qilinadiganlar uchun markaz joylashtirishi mumkin bo‘lgan uchinchi davlatlar sifatida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Uganda ham ko‘rib chiqilgani xabar qilingan edi.