Evropa iqtisodiyoti haddan tashqari byurokratiya va yuqori energiya narxlari tufayli raqobatbardoshligi va sarmoyadorlar uchun jozibadorligini yo‘qotmoqda. Bu haqda DPA agentligi Yevrokomissiya hisobotiga tayanib xabar berdi. YEK ma’lumotlariga ko‘ra, 2008 va 2021 yillar oralig‘ida, keyinchalik bahosi 1 milliard dollardan oshgan Yevropa startaplarining deyarli uchdan bir qismi o‘z ofislarini YEI tashqarisiga (asosan AQShga) ko‘chirdi. Bundan tashqari, dunyodagi 50 ta eng yirik texnologiya kompaniyasidan faqat 4 tasi Yevropaga tegishli va Yevropada mehnat unumdorligi AQShnikidan pastligicha qolmoqda. Hujjatda, shuningdek, energiyaning yuqori narxi (AQShnikidan 2-3 baravar yuqori), malakali mutaxassislarning yetishmasligi va murakkab byurokratik tizim Yevropa iqtisodiyoti rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar ekanligi qayd etilgan. Germaniyadagi Xristian-ijtimoiy ittifoqning iqtisodiy eksperti Markus Ferber Yevropa Komissiyasi raqobatbardoshlik masalasiga ustuvor ahamiyat berish zarurligini ta’kidlab, Yevropada farovonlikning pasayishi mumkin bo‘lgan tahdiddan ogohlantirdi. Avvalroq Yevropaning iqtisodiyot bo‘yicha komissari Paolo Gentiloni geosiyosiy keskinliklar evrozona iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazayotganini aytgan edi.