CNN: Oq uy yadro dasturidan voz kechish evaziga Eronga berilishi kutilayotgan takliflarning tafsilotlarini e’lon qildi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati buning uchun bir nechta taklifni ko‘rib chiqmoqda. Biroq ularning barchasi dastlabki bosqichda va faqat bitta, muhokama qilinmaydigan shart asosida amalga oshishi mumkin — bu Eronning uranni boyitishini to‘xtatish.
AQSh prezidenti ma’muriyati vakillarining CNN'ga ma’lum qilishicha, shartlar orasida Eronning yangi yadro dasturiga 30 milliard dollargacha investisiya kiritish taklifi ham bor. Bu dastur uranni boyitmasdan, faqat fuqarolik energiyasi maqsadlarida foydalanishni nazarda tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu investisiya Vashington tomonidan ajratilmaydi, mablag‘lar Qo‘shma Shtatlarning arab hamkorlari (ehtimol, Qatar, BAA va Saudiya Arabistoni) tomonidan beriladi.
"AQSh bu muzokaralarga boshchilik qilishga tayyor. Biroq bu yadro dasturini moliyalashtirishni biz zimmasiga olmaymiz, kimdir buning uchun to‘lashiga to‘g‘ri keladi", — dedi Tramp ma’muriyati vakili CNN'ga.
Loyihada, shuningdek, Eronga qarshi ayrim sanksiyalarni bekor qilish va Tehronga hozirda xorij banklarida muzlatilgan 6 milliard dollar mablag‘dan erkin foydalanish huquqini berish ham ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt AQSh hozir Eron bilan diplomatik muloqot yo‘llarini izlayotganini ma’lum qilgan edi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Vashingtonning Tehron bilan bo‘ladigan muzokaralar haqidagi bayonotlarini jiddiy qabul qilmaslikka chaqirdi va bu borada AQSh bilan hech qanday kelishuv yo‘qligini aytdi.
"Hali AQSh bilan yangi muzokaralarda ishtirok etishimiz noaniq, bu masala ko‘rib chiqilmoqda. Hozircha muzokaralarni boshlash rejamiz yo‘q", — dedi Eron tashqi ishlar vaziri.