Eronda 2025 yil oxirida boshlangan ommaviy tartibsizliklar paytida 3700 dan ortiq huquqni muhofaza qilish organlari xodimi turli darajada jarohat olgan.
Bu haqda mamlakat Majlisi Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Ibrohim Aziziy ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida 2200 dan ortiq xavfsizlik kuchlari avtomobili, 250 dan ziyod maktab va 300 ta masjidga zarar yetgan.
Tasnim agentligining xabar berishicha, 11 yanvar holatiga ko‘ra, namoyishlar davomida halok bo‘lgan xavfsizlik xodimlari soni 111 nafarga yetgan.
Norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi Katta bozorda milliy valyuta qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklar ortishi fonida boshlangan va qisqa vaqt ichida mamlakatning ko‘plab shaharlariga tarqalgan. Tartibsizliklar avjiga chiqqanidan so‘ng, Eron hukumati mamlakat bo‘ylab internetga kirishni cheklagan.
Rasmiylar halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni bo‘yicha hali to‘liq statistik ma’lumot e’lon qilmagan. Avvalroq taxminan 3000 kishi hibsga olingani ma’lum qilingan edi.