Eron hukumati shanbaga o‘tar kechasi Isroilning zarbalari natijasida yana ikki yuqori martabali general o‘lganini ma’lum qildi.
Davlat televideniyesi Qurolli kuchlar Bosh shtabi razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general G‘ulomrizo Mehrobiy va operativ qo‘mondonlik boshlig‘i o‘rinbosari general Mehdi Rabboniy halok bo‘lganini xabar qildi.
Juma kuni Isroilning zarbalari natijasida bir necha yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar, jumladan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rahbari Husayn Salamiy halok bo‘ldi. Zarbalarda harbiylardan tashqari, Eron yadro dasturida ishtirok etgan kamida olti yadrochi olim halok bo‘lgan.
BBCning Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri Sebastyan Asherning fikricha, Isroil hujumi “Isroilning o‘tgan noyabr oyida Livandagi Hizbullohga qarshi hujumida qo‘llangan strategiyaning bir qismini o‘zlashtirgan ko‘rinadi” – zarbalar Eron rahbariyatining asosiy a’zolarini ishdan chiqarishga qaratilgan.