AQSh Eronda bo‘lib turgan o‘z fuqarolarini davom etayotgan namoyishlar va xavfsizlik xatarlari fonida mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirdi.
Tehrondagi AQSh virtual elchixonasi tomonidan e’lon qilingan xavfsizlik ogohlantirishida amerikalik fuqarolarga Vashington ma’muriyati yordamiga murojaat qilmasdan Erondan chiqib ketishni rejalashtirish qat’iy tavsiya etildi.
"Darhol Eronni tark eting. Agar chiqib keta olmasangiz, uyingizda qoling yoki boshqa qo‘riqlanadigan binodagi xavfsiz joyga o‘ting", – deyiladi bayonotda.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt AQSh prezidenti Donald Tramp Eron masalasida, avvalo, diplomatik yo‘lni afzal ko‘rishini, biroq harbiy kuch qo‘llash imkoniyati ham doimo kun tartibida qolishini ta’kidlagandi.
Eronda norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabr kuni Tehrondagi Katta bozorda boshlangan. Do‘kon egalari milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi va iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayib borayotganidan norozi bo‘lgan. Keyinchalik namoyishlar mamlakatning ko‘plab shaharlariga tarqalgan.
Namoyishlar chog‘ida halok bo‘lganlar va yaralanganlar haqida rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan. Biroq Eronning inson huquqlari agentligi HRANA xabariga ko‘ra, 642 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida 133 nafar xavfsizlik kuchlari xodimi, 1 nafar prokuror va voyaga yetmaganlar ham bor. Shuningdek, 10 721 kishi hibsga olingan.
Zo‘ravonlik kuchayishi va polisiya aralashuvi oshishi fonida 9 yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab internet o‘chirib qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Eronda O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi to‘p tepadi. Bular — Rustam Ashurmatov, Jaloliddin Masharipov (ikkisi – "Istiqlol"), Oston O‘runov, Igor Sergeev ("Persepolis") va Odil Hamrobekov ("Traktor").