Dekabr oyining oxiridan beri Eronda davom etayotgan tartibsizliklar vaqtida kamida 490 nafar namoyishchi va kamida 48 nafar kuch tuzilmalari xodimi halok bo‘lgan, shuningdek, 10 600 dan ortiq namoyishchi hibsga olingan. Bu haqda HRANA huquqni himoya qilish tashkiloti xabar bermoqda.
Namoyishchilar milliy valyuta kursidagi tebranishlarni jilovlash uchun hukumatning “zudlik bilan aralashuvi” haqidagi iqtisodiy talablar bilan birga, siyosiy talablarni ham ilgari surmoqda. Shuningdek, ular Oyatulloh Ali Xomanaiyning suratlarini yoqishmoqda. Aksiya ishtirokchilari “Diktatorga o‘lim”, “Ozodlik” va “Na Livan, na G‘azo, jonim Eron uchun fido” kabi siyosiy shiorlarni aytishmoqda.
Mitinglar huquq-tartibot organlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda. Bundan tashqari, namoyishchilarga qarshi o‘qotar qurollar qo‘llanilayotgani xabar qilinmoqda.