Bu haqida AFP agentligi Eron ijtimoiy tarmoqlaridagi videolarga tayanib xabar qilmoqda.
Eronning Obodon shahridan olingan videoda odamlar gullar va halok bo‘lganlarning suratlarini ushlab turib, “Xomanaiyga o‘lim”, Shoh omon bo‘lsin!” shiorlarini aytib hayqirmoqda. Boshqa videoda esa odamlar o‘q ovozlari ostida vahimaga tushib, yugurib ketayotgani ko‘rsatilgan.
Ma’lum qilinishicha, Eron hukumati Tehrondagi Imom Xumayniy masjidida namoyish qurbonlarini xotirlash bo‘yicha o‘z tadbirini o‘tkazdi. Tadbir ishtirokchilari Eron bayroqlarini ko‘targan, halok bo‘lganlarning portretlarini ushlab turgan va “Amerika yo‘q bo‘lsin”, “Isroil yo‘q bo‘lsin” shiorlarini aytishgan.
Tadbirda Eron vise-prezidenti Muhammad Rizo Orif va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi komandiri Ismoil Ka’ani so‘zladi. Ka’ani bezoriliklarni boshlovchilar va terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaganlar jinoyatchi hisoblanib, javobgarlikka tortilishini ta’kidladi.
Eron namoyishlari dekabr-yanvar oylarida kuch ishlatish bilan shafqatsiz bostirilgan. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi umumiy qurbonlar soni 3117 kishini tashkil qilganini bildirgan. Ulardan 2427 nafari tinch fuqarolar va xavfsizlik xodimlari ekanligi aytilgan. Qolgan qurbonlarni vazir “terrorchi” deb atagan.
AQShda joylashgan Human Rights Activists News Agency agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, namoyishlar davomida kamida 7000 dan ortiq odam halok bo‘lgan va ularning aksariyatini namoyishchilar tashkil qiladi.