Eronda xavfsizlik va razvedka idoralari tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar orqali mamlakat ichida dushmanlar bilan bog‘langan tarmoqlar fosh etildi, deb ma’lum qildi Eron Sud hokimiyati matbuot kotibi Asg‘ar Jahongir.
Shanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Jahongir jamoatchilikni ishontirishicha, "tekshiruvlar tezkor, qat’iy va aniq tarzda olib borilmoqda", va yaqin kunlarda keng jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
Evin qamoqxonasiga qilingan so‘nggi hujumga oid savolga javoban Jahongir, hujumning maqsadi Isroil tomonidan ayrim josuslarni yo‘q qilish bo‘lgani haqidagi iddaolarni rasman rad etdi, ammo Isroil rejimi xalqaro qoidalarni mensimaslik maqsadini ko‘zlaganini ta’kidladi.
«Bu hujum — inson huquqlarini muntazam buzib kelayotgan va javobgarlikdan qochayotgan rejimning navbatdagi noqonuniy harakati», — dedi Jahongir.
Uning ta’kidlashicha, hujumning asosiy maqsadi jamiyatni qo‘rqitish, Islom inqilobi, Islom va Eronga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni kamaytirish edi.
«Hujum oqibatida mahalliy fuqarolar, qamoqxona xodimlari, sud organlari xodimlari va mahbuslar oilalari orasida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar bor», — dedi u.
Jahongir Evin qamoqxonasiga qilingan hujumni «terrorchilik akti va insoniyatga qarshi jinoyat», deb baholab, bu holat barcha xalqaro me’yorlarga zid ekanini ta’kidladi.
U inson huquqlarini tez-tez tilga oladigan xalqaro hamjamiyatni Isroilga qarshi aniq huquqiy choralar ko‘rishga chaqirdi.
Shuningdek, hujum paytida ayrim mahbuslar qochib ketganini tasdiqladi:
«Bir necha mahbus vaziyatdan foydalanib qochgan, ammo ularning soni katta emas. Qolaversa, ayrim mahbuslar yaralanganlarga yordam berib, o‘zlari qochmagan», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qochganlar orasida yuqori darajali mahbuslar yo‘q, va ular albatta ushlab qo‘linib, qayta qamoqqa qaytariladi.