13 iyundan buyon Eronda Isroil foydasiga josuslik qilganlikda gumon qilingan 700 dan ortiq shaxs hibsga olindi. Bu haqda mamlakatdagi «Fars» axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu shaxslar Isroilga josuslik qilishda ishtirok etgan, deb taxmin qilinmoqda. Eng ko‘p hibslar Kermonshoh, Isfahon, Xuziston, Fors va Luriston viloyatlarida amalga oshirilgan. Tehron viloyati bo‘yicha aniq raqamlar e’lon qilinmagan.
Eron xavfsizlik idoralari ushbu qamoqqa olishlarni Isroilning mamlakatga qarshi joriy yil 13 iyun kuni boshlagan hujumlari bilan bog‘lamoqda. Shundan so‘ng ikki tomon o‘zaro raketa zarbalari bilan almashdi.
22 iyun kechasi AQSh Isroilga yordam sifatida Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berdi. Bir kun o‘tib AQSh Prezidenti Donald Tramp ikki davlat o‘zaro to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Isroil tomoni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin ham Eron hududidan yangi raketa otish holatlari qayd etilganini ma’lum qildi va o‘z navbatida javob qaytargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda “Mossad” foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan bir erkak qatl etilgani ma’lum qilingandi. U yashirin ma’lumotlarni pul evaziga Isroilga uzatishga uringan.