Eron milliy terma jamoasi matbuot xizmati AQSh prezidenti Donald Trampning 2026 yilgi jahon chempionatida jamoa ishtirok etishi maqsadga muvofiq emasligi haqidagi gaplaridan so‘ng bayonot bilan chiqdi. Tramp buni Eron terma jamoasi xavfsizligiga tahdid bo‘lishi mumkinligi bilan izohlagan edi.
«Jahon chempionati — xalqaro miqyosdagi tarixiy tadbir bo‘lib, uning tashkilotchisi alohida bir mamlakat emas, balki FIFA hisoblanadi. Eron terma jamoasi ham ushbu turnirga to‘liq haqli ravishda va izchil g‘alabalar orqali saralanib, ushbu buyuk musobaqaga yo‘llanma olgan ilk jamoalardan biri bo‘ldi.
Albatta, hech kim Eron terma jamoasini jahon chempionatidan chetlashtira olmaydi. Aksincha, ushbu tadbirda ishtirok etayotgan jamoalar xavfsizligini ta’minlay olmaydigan, faqat «mezbon» maqominigina ko‘tarib yurgan mamlakatni chetlashtirish kerak», — deyiladi Eron terma jamoasining ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida.