Eron oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi. Uchrashuvda mudofaa va iqtisodiyotga oid masalalar muhokama qilingan.
Bu haqda Eron oliy rahbarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentlik vakolatining uchinchi yiliga kirgan Pezeshkiyon oliy rahbar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Tomonlar mamlakatdagi dolzarb muammolar, xususan, aholining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, uchrashuvda mamlakatdagi joriy vaziyat, harbiy sohadagi ishlanmalar, resurslarni ta’minlash strategiyalari, xarajatlarni boshqarish hamda xorijiy sub’ektlar bilan iqtisodiy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.