Bugun 20 sentyabr, 2024 yil, juma

КИР

Eron kompaniyalari Namanganda ish boshlaydi

Eron kompaniyalari Namanganda ish boshlaydi

O‘zbekiston Respublikasining strategik hamkorlaridan biri Eron Islom Respublikasi investorlarining mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi, biznesni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan istagi ortmoqda.

Jumladan, Eronning yetakchi kompaniyalari – “Best thermo solutions” hamda “Elektrogen” vakillaridan iborat delegasiyalar xizmat safari bilan Namangan viloyatida bo‘ldi.

“Best thermo solution” kompaniyasi metallurgiya sohasida yetakchi hisoblanib, mazkur yo‘nalishdagi korxonalar uchun zarur bo‘lgan sanoat qozonlar va isitgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Namangan viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kompaniya ta’sischisi Ali Araghi va kompaniya menejeri Salim Bilolovga viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov Namanganda yaratilgan qulay investision muhit, xususan, erkin hamda kichik sanoat zonalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Eron Islom Respublikasining elektr dvigatellar ishlab chiqarish sohasida yetakchi o‘ringa ega bo‘lgan “Elektrogen” kompaniyasi esa Namanganda zavod qurishni reja qilgan. Mazkur korxona sotuv menejeri Siyamak Moleverdi va kompaniyaning O‘zbekistondagi filiali direktori Hamid Rizo Shafei ayni shu maqsadda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi.

Ta’kidlash joiz, “Elektrogen” kompaniyasi fors o‘lkasidagi asosiy elektr motorlar ishlab chiqaruvchi yirik korxona hisoblanib, asosan maishiy va sanoat maqsadlari uchun keng turdagi motorlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning portfeli 50 dan ortiq turdagi motorlarni o‘z ichiga olgan.

Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan muzokarada Namanganda sanoat rivojlanib borayotgani, ayniqsa, qo‘shni mamlakatlarga chiqish imkoniyatlari ham katta ekanligi e’tirof etildi. Ayni shu omillarni nazarda tutgan holda “Elektrogen” kompaniyasi Namanganda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha korxona barpo etishni maqsad qilmoqda.

Samimiy ruhda kechgan muloqotdan so‘ng xorijiy investorlar o‘z ishlab chiqarishlari uchun qulay joylarni ko‘rish maqsadida Chust va Pop tumanlariga tutash manzildagi “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi bilan tanishdi.

Kiritildi: Bugun 09:58. O'qildi: 228 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!