Isroil OAVlariga ko‘ra, Eron mamlakatga kamida 70 ta ballistik raketa uchirgan (raketalar Yaman hududidan ham uchirilgan). Ular orasida «Haj Qosim» taktika va boshqariladigan raketalari ham bor. Raketalar Tel-Avivga kelgan dronlar bilan muvofiqlashtirib uchirilgan.
— Hujumga uchragan hududlar: Tel-Aviv, Bat-Yam, Hayfa, Krayot, G‘arbiy Galileya va Ben-Gurion aeroporti. Bat-Yamda raketalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri uyga tushgan, yong‘inlar chiqqan. Hozirda qutqaruvchilar vayronalarni tozalayapti.
— G‘arbiy Galileyada uyga raketa tushishi natijasida 14 kishi jarohat olgan.
— Hayfada esa neftini qayta ishlash zavodi zarba ostida qolgan. Yonilg‘i omborlariga ham zarbalar bo‘lgani haqida xabarlar bor.
— Hujumlar oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, ulardan ikkitasi — 8 va 10 yoshli bolalar. Yana 240 kishi jarohat olgan, kamida 35 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
— Eron Islomiy Inqilob Muxofizlari Korpusi (IIMK) vakili bu kechagi hujumni Isroilning avvalgi hujumlariga javob deb atadi va kelajakda ham yirik operasiyalar bo‘lishi mumkinligini ogohlantirdi.
Isroil ham javoban Eron va Yaman hududlariga zarbalar berdi.
— Tehron, Isfahon, Koraj, mamlakat markazi va g‘arbidagi ob’ektlar hujumga uchradi. Isroil Mudofaa kuchlari (SAHAL) vakillariga ko‘ra, zarbalar raketa saqlash va uchirish ob’ektlariga qaratilgan. Ertalab Kermanshohdagi zarbalar haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Neft ombori ham hujumga uchragani aytilmoqda.
— Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu favqulodda harbiy-siyosiy yig‘ilish o‘tkazdi va AQShdan harbiy yordam so‘radi.
— Isroil OAVlari Yamandagi husiylar yetakchilaridan biri — Muhammad al-Amri yo‘q qilingani haqida xabar berdi, biroq bu ma’lumot rasmiy tasdiqlanmagan.