Bugun 30 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi davlat xazinasini chetlab o‘tib, neftni qanday sotadi?

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi davlat xazinasini chetlab o‘tib, neftni qanday sotadi?

Yuqori lavozimdagi KIR ofiserlaridan biri sanksiyalarni chetlab o‘tib neft savdosini amalga oshirish va shaxsiy boylik orttirish uchun keng ko‘lamli korrupsiya tarmog‘ini tashkil qilgan. Bu haqda Iran International yangi jurnalistik tekshiruvida xabar bermoqda.

KIR razvedka xizmati ofiseri Mustafo Ahadiy bir necha yildan beri neft savdosi sxemasiga rahbarlik qilib kelgan. Hozir u KIR Razvedka tashkilotining 600-bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

2010-yillarning oxirida, sanksiyalar sharoitida neft sotish uchun mas’uliyat Oliy milliy xavfsizlik kengashiga yuklatilgan paytda, Ahadiy kengash tarkibiga iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar sifatida kirgan. Xalqaro tashkilotlar uning maxsus xizmatlarga aloqadorligini bilib qolmasligi uchun u o‘z maqomini oshkor qilmagan holda BRIKSning Rossiya va Braziliyada o‘tkazilgan ikki sammitida ishtirok etgan.

Uning Eron neft savdosidagi ishtiroki shu qadar katta bo‘lganki, u hatto Neft vazirligi amaldorlariga Xark orolidagi neft terminallariga tashriflari vaqtida hamrohlik qilgan.

Oliy milliy xavfsizlik kengashida ishlagan davrida Ahadiy o‘zining sobiq o‘rinbosari Muhammad Javod Bavandni Kengashning maxsus qo‘mitasiga KIR razvedkasi vakili sifatida yuborgan. Rasman uning vazifasi sanksiya ostidagi neft savdosini nazorat qilish edi. Biroq asosiy vazifasi KIR razvedka tarmog‘i uchun neft savdosidan korrupsiyaviy daromadlar kelib tushishini ta’minlash bo‘lgan.

Keyinchalik Neft vazirining neft sotuvi bo‘yicha maxsus yordamchisiga aylangan Bavand 86 million barrellik neft partiyasini o‘z nazoratidagi brokerlarga bergan. Ular esa oxir-oqibat davlatga tushishi kerak bo‘lgan milliardlab dollarlik daromadni qaytarmagan. Bu shunga o‘xshash sxemalardan bir misol hisoblanadi.

Ahadiy boshqa hamkorlarini ham yuqori lavozimlarga ilgari surgan. Neft vazirligi va nazorat organidagi ikki xabardor manba Iran International’ga ma’lum qilishicha, besh yil oldin Karafarin banki ijro direktoriga aylangan Ahmad Baharvandiy aslida Bavandning KIR razvedkasidagi hamkori bo‘lgan. Ikkalasi ham Imom Sodiq universitetida tahsil olgan. Mustafo Ahadiy ham shu universitetda o‘qigan va universitetdagi «Basij» talabalar tashkiloti a’zosi bo‘lgan.

Prokuratura kabi fuqarolik organlari neft savdosidagi korrupsiya sxemalarini tergov qilishga uringanida, Ahadiy o‘z ta’siridan foydalanib, ishlarni KIR nazoratiga o‘tkazishga erishgan va mablag‘larni o‘zlashtirish holatlarini yashirgan.

Kiritildi: 21:30 29.09.2026. O'qildi: 315 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!