Tehron Vashington bilan urushni tartibga solish bo‘yicha memorandumni 14 iyun kuni imzolashdan bosh tortdi. Bu sana AQSh prezidenti Donald Trampning 80 yoshga to‘lgan kuniga to‘g‘ri keladi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yaqin bo‘lgan Fars agentligi Tehron memorandum Donald Trampni tug‘ilgan kunida imzolanishini Qo‘shma Shtatlarning siyosiy-ramziy qadami sifatida ko‘rayotgani, shu bois bunday ssenariyga rozi bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Eron hukumati hali hujjatning siyosiy, huquqiy va texnik jihatlarini o‘rganishda davom etmoqda va yakuniy qarorni qabul qilmagan.
Avvalroq Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv 13 yoki 14 iyun kunlari imzolanishi mumkinligini aytgan edi. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif esa vositachilik qilayotgan muzokaralarda tinchlik bitimining yakuniy matni kelishib olinganini va elektron imzolashga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.