1 iyun kuni Eron AQSh bilan olib borilayotgan muzokaralarni to‘xtatganini e’lon qildi hamda nafaqat Hurmuz bo‘g‘ozini, balki Bob al-Mandab bo‘g‘ozini ham bloklash rejasini ma’lum qildi.
Tehron bu qarorga Isroilning Livandagi Hizbulloh harakatiga qarshi hujumlarni kuchaytirganini sabab qilib ko‘rsatdi. Eron rahbariyatiga ko‘ra, Isroil Livan va G‘azodagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatmaguncha Vashington bilan hech qanday muloqot bo‘lmaydi.
Eron davlat OAVlari tarqatgan bayonotda mamlakatning muzokarachilar guruhi AQSh bilan aloqalarni uzgani va «sionistlar hamda ularning tarafdorlarini jazolash maqsadida» Hurmuz bo‘g‘ozini to‘liq yopish hamda Bob al-Mandab yo‘nalishida bosimni kuchaytirish rejalashtirilayotgani aytilgan.
Kuzatuvchilar fikricha, bu qarorga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Bayrutdagi Hizbulloh qo‘mondonlik ob’ektlariga qarshi hujumlarni kengaytirish haqidagi bayonoti turtki bo‘lgan.
Shu bilan birga, AQSh Eronning yadroviy dasturi, Hurmuz bo‘g‘ozining ochilishi va sanksiyalar masalalari bo‘yicha yangi takliflar ustida ish olib borayotgani xabar qilinmoqda. Biroq hozircha Tehron Vashington bilan muzokaralarga qaytish uchun Isroil harbiy harakatlarining to‘xtatilishini asosiy shart sifatida ilgari surmoqda.
Ayni paytda Isroil armiyasi Livan janubidagi operasiyalarni kuchaytirmoqda. Isroil mudofaa vaziri Israel Kas Bofort qal’asi hududi nazoratga olinganini ma’lum qildi. Bunga javoban Hizbulloh Isroilning chegara hududlariga raketa zarbalari berganini e’lon qildi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, agar Eron Bob al-Mandab bo‘g‘ozini bloklash rejasini amalga oshirishga urinsa, Yamandagi Ansor Alloh harakati ham faollashishi mumkin. Bu esa Qizil dengiz va xalqaro dengiz savdosi uchun yangi xavflarni yuzaga keltirishi ehtimoldan xoli emas.