Mana necha yillardan buyon Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida bir nechta qishloq aholisi farzandlari maktabga borib qaytish uchun 30 km. og‘ir yo‘lni piyoda bosib kelmoqda. Ammo eng achinarlisi, hozirgacha bu holat hech bir mutasaddini zarracha o‘ylantirmayotgan ko‘rinadi.
Rost24.uz axborot saytida Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Oqtosh qishlog‘idagi 51-umumta’lim maktabiga bolalar 15, 14, 13, 12 km. uzoqlikdan qatnayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Muxbirimiz Oqtosh qishlog‘i maktab ma’muriyati bilan uchrashib, vaziyatni to‘liq o‘rgandi, qishloq, mahallalardagi muammolarni matbuotga olib chiqdi.
Maqola e’lon qilingach esa bizga Qo‘shrabot tumani qishloqlari aholisidan bir necha bor qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Murojaatchilar internetga chiqqan ma’lumot uchun mahalla raisi ularga po‘pisa qilganini aytishdi. Maqola uchun intervyu bergan respondentlarimiz, tuman hokimiyati tahdidi sabab o‘z intervyularidan ham tonishdi. Rasmiy tashkilotlarning javobi esa bizni yanayam hayratlantirdi.
Xalq ta’limi vazirligi javobi
Xalq ta’limi vazirligi Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi mudirining ma’lumotiga asoslanib quyidagi javobni berdi:
“Qo‘shrabot tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga o‘quvchilarning 15 kilometrgacha masofadan qatnab o‘qiyotganligi haqida ma’lumotlar e’lon qilindi.
Tumanning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Oqtosh qishlog‘ida joylashgan ushbu maktabda jami 218 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olishadi. Ularning 78 nafari boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridir.
Haqiqatdan ham maktabning aksariyat yuqori sinf o‘quvchilari 10 kilometrdan 15 kilometrgacha bo‘lgan masofadan qatnab o‘qishadi. Albatta, bu holat ularga qiyinchiliklar tug‘diradi. Ana shu muammo sababli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan maktabning qo‘shimcha filiallari qurilgan. Ayni paytda ham Birlik qishlog‘idagi maktab filialida qurilish ishlari olib borilib, muammoning nisbatan oldi olinishiga e’tibor qaratilmoqda”, deyiladi vazirlik javobida.
Ammo, haqiqiy vaziyatga ko‘ra Birlik qishlog‘idagi maktab filiali qurib bitkazilsa-da, yuqori sinf o‘quvchilari 15-10 km. uzoqlikdan maktabga qatnashda davom etaveradi. Chunki, Birlik qishlog‘idagi maktab filiali faqatgina boshlang‘ich sinflar uchun mo‘ljallangan. Qolaversa, hozirda ushbu filialda qurilish ishlari ham to‘xtatilgan. Shinam xonalarda o‘tirgan Samarqand viloyati hokimligi vakillari viloyatning qaysidir qishlog‘ida bolalar qor, do‘l-yomg‘irda maktabga borib qaytish uchun 30 km. yo‘l bosayotganiga qayg‘urayotgani yo‘q.
Samarqand viloyati hokimligi javobi
Samarqand viloyati hokimligi javobini yozib o‘tirishning hojati yo‘q. Viloyat hokimligi ham hozircha dastlabki imkonimiz shu, deya Qo‘shrabot tuman xalq ta’limi mudirining Birlik qishlog‘ida maktabning Birlik filiali qurilishini vaziyatdan chiqishning yo‘li deb bilmoqda.
Biroq, qayta aytamizki, Oqtosh qishlog‘i 51-maktabning Birlik filiali qurilsa-da 80 nafardan ortiq o‘quvchilar bilim olish uchun 15 km. piyoda yo‘l yurib maktabga qatnashda davom etaveradi. Boshlang‘ich sinflarga mo‘ljallangan filial muammoni hal qilmaydi. 51-maktab ma’muriyati vaziyatni o‘nglash uchun maktab internat tashkil etish taklifini kiritgan edi. Bu taklif qo‘shimcha chiqim talab etgani uchunmi, «yuqori»ga yoqmagan ko‘rinadi.
Xalq ta’limi vazirligi va Samarqand viloyati hokimiyati matbuotda maqolaga nisbatan javob e’lon qilish, hisobot berish bilan muammoni hal etdik, deb o‘ylagan bo‘lsa qattiq yanglishadi. Oqtosh qishlog‘i 51-maktab o‘quvchilari ilm olish uchun qishda qor kechib, yomg‘irli kunlarda loyga botib, sovuqda qolib 30 km. yurib maktabga borib qaytmoqda.
Mana sizga “mahallabay” ish...
Muammo hisobot berish bilan hal bo‘lmas ekan. Eng zaruriy ehtiyojlardan biri – ilm olish borasida og‘ir qiyinchilikka duch kelayotgan bolalar hamon viloyat mutasaddilaridan yordam kutmoqda. O‘z navbatida, Samarqand viloyati hokimi ham Qo‘shrabot tumani qishloqlari bolalari taqdiri haqida qayg‘ursa, vaziyatdan chiqish chorasini topsa o‘rinli bo‘lar edi. Prezident mahallabay muammolarni hal qilish kerakligini ta’kidlab kelmoqda. Qo‘shrabot tumani qishloqlarining mahalla raislari esa ilm olishga qiynalayotgan bolalar oilasiga tahdid qilib, kamchiliklarni OAVga olib chiqmaslikni so‘ramoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oqtosh qishlog‘idagi 51-umumta’lim maktabiga boshlang‘ich sinfni tugallagan 9 ta qishloq yuqori sinf o‘quvchilari qatnaydi.
Qishloqlar jug‘rofiyasi quyidagicha:
Qo‘shhovuz – 15 km., Birlik, Ustik, Otquloq – 14 km., Yong‘oqli, Duoba –13 km., Noqi – 12 km., Jala – 6 km.