— Turmush o‘rtog‘imning birinchi turmushidagi farzandiga 18 yoshga to‘lganidan so‘ng ham aliment to‘layapmiz. Uni to‘xtatish uchun MIBga murojaat qilsa, «Sobiq rafiqangiz alimentni to‘xtatish uchun ariza yozishi kerak», deyishibdi. Shu to‘g‘rimi? Axir farzand 18 yoshga to‘lganidan so‘ng aliment birdan to‘xtatilmaydimi?.. Ziyod to‘lagan aliment pulini qaytarib olishimiz mumkinmi?
Ismi sir tutildi.
ARIZA YOZISh KERAKMI?
— Qonunchilikka asosan, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Ushbu majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan sudning hal qiluv qaroriga yoxud sud buyrug‘iga asosan, aliment undiriladi. Ushbu qonun normalaridan ota (ona)ning farzandiga nisbatan aliment majburiyatlari bola voyaga yetguniga qadar amalda bo‘ladi. Faqat Oila kodeksining 100-moddasida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.
Qonun hujjatlarida bola voyaga yetib, aliment to‘lashni tugatish vujudga kelganda ona (ota) tomonidan bu haqda ariza berilishi nazarda tutilmagan.
Ta’minoti uchun sud tomonidan aliment undirilayotgan bola voyaga yetganidan so‘ng ota (ona)ning ushbu bolaga nisbatan aliment majburiyatlari bekor bo‘ladi. Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan yuritilayotgan ijro ishi O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonuni talablari asosida tugatilishiga asos bo‘ladi.
QACHON TO‘XTATILADI?
— Aliment majburiyatlarini tartibga soluvchi amaldagi qonunchilikda alimentni bekor qilish nazarda tutilmagan.
Oila kodeksining 132-moddasida aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi asoslari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv taraflarning o‘zaro roziligi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish ham o‘sha shaklda amalga oshiriladi.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oila kodeksining 147-moddasiga ko‘ra, aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvda belgilangan aliment majburiyatlari taraflardan birining o‘limi, mazkur kelishuv muddatining o‘tishi yoki unda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra tugaydi.
Sud tartibida undiriladigan aliment to‘lash:
- bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganda;
foydasiga aliment undirilayotgan bola farzandlikka olinganda;
- sud aliment oluvchining mehnatga layoqati tiklangan yoki uni yordamga muhtoj bo‘lmay qolgan deb topganda;
- mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aliment oluvchi sobiq er yoki xotin yangi nikohga kirganda;
- aliment oluvchi yoki aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs vafot etganda tugatiladi.
QAYTARIB OLISHI MUMKINMI?
— O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida bola ta’minoti uchun aliment to‘lash majburiyati bola voyaga yetguniga qadar bajarilishi ko‘rsatilgan. Ortiqcha undirilgan alimentlar asossiz orttirilgan boylik sifatida qaralib, uni qaytarish asoslari Fuqarolik kodeksida belgilangan.
Fuqarolik kodeksining 1030-moddasi talablariga asosan, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘likka yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda, asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.
Dilshod Hasanov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi