Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ukrainadagi urushni hozirgi front chizig‘i bo‘ylab muzlatish rejasini ishlab chiqdi va uni 18 noyabr kuni Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida taqdim etish niyatida, deb xabar bermoqda Bloomberg. Agentlik manbalariga ko‘ra, Erdo‘g‘anning rejasi Kiyevning «Putinga imtiyoz sifatida» Ukrainaning NATOga kirishi masalasini muhokama qilishni kamida 10 yilga kechiktirish haqidagi kelishuvini ko‘zda tutadi.
Turkiya prezidenti tovon sifatida Ukrainaga harbiy texnika berishni taklif qilmoqda. Shuningdek, u «qo‘shimcha kafolat sifatida» Donbassning sharqida qurolsizlantirilgan hudud yaratish va u yerda xalqaro qo‘shinlarni joylashtirishni taklif qilmoqda.
Turk rasmiylari Bloomberg bilan suhbatda Ukraina uchun bunday taklifni qabul qilish qiyin bo‘ladi, degan fikrni bildirdi, ammo ularning fikricha, «bu eng real yondashuv». Bloomberg ta’kidlaganidek, turk rasmiylari «bosib olingan hududlar taqdirini muhokama qilishni to‘xtatib, barqaror o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlashga qaratmoqchi».
Erdo‘g‘an Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Istanbuldagi muzokaralarda ishtirok etishga ko‘ndira olishiga umid qilmoqda, chunki Bloomberg manbalari turk rahbari «janglar to‘xtatilmasa, Ukraina yaqin oylarda ko‘proq hududni yo‘qotishi mumkinligi haqidagi razvedka ma’lumotlarini olgan».