Shondong – dunyodagi eng katta g‘or. U shunchalik ulkanki, uning daryosi, o‘rmoni va o‘ziga xos iqlimi bor.
Shondong Vetnamning Fongnya-Kebang milliy bog‘ida joylashgan. O‘rmon tubida yashiringan g‘orning kirish eshigi 1991 yilda mahalliy aholi tomonidan topilgan va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. G‘or 2009 yilda bir guruh britaniyalik olimlar tomonidan tekshirilganidan keyin katta shon-shuhratga erishgan.
G‘orni tekshirish paytida uning o‘lchamlari rekord darajaga yetganligi aniqlandi. Ya’ni uzunligi – 5 kilometrdan ortiq, balandligi – 200 metr va kengligi – 150 metr. G‘orning umumiy maydoni esa 38,5 million kvadrat metrga teng.
Shondong g‘ori shu qadar kattaki, u o‘ziga xos mikroiqlimni yaratadi: u yerda yorug‘lik va bulutlar kirib borishi natijasida hosil bo‘lgan o‘rmon mavjud. G‘or nafaqat o‘zining rekord hajmi bilan, balki dunyodagi eng baland – 70 metrli stalagmitlari bilan mashhurdir.
Shuningdek, u yerda beyzbol to‘pining kattaligidagi g‘ayritabiiy marvaridlar mavjud. Ular doimiy tomchi ostida yerdagi chuqurchalarda hosil bo‘ladi.
Hozirda g‘orga kirish uchun maxsus ruxsat talab qilinadi va ular cheklangan miqdorda bo‘ladi. 2019-2020 yillarda bunday ruxsatnomalar 1000 donadan oshmaydi. U yerda turistik mavsum fevraldan avgustgacha davom etadi.