Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Er‑xotin orasidagi xilofni bartaraf qilish

Er‑xotin orasidagi xilofni bartaraf qilish

Albatta, har bir oilada er‑xotin tinch-totuv, ahil-inoq ravishda, baxt nashidasini surib yashashi ayni muddaodir. Buning uchun hamma harakat qiladi. Alloh taolo barchaga ana shunday baxtni ato etsin!

Ammo, jon bor joyda janjal bor, deganlaridek, kishilar istamasalar ham, oila a’zolari – er‑xotin orasida tushunmovchiliklar, kelishmovchiliklar va urish-janjallar chiqib turishi bor. Ushbu holatni to‘g‘ri hal qilish ham oilaning va uning a’zolarining saodatiga xizmat qiladigan muhim omillardan biridir.

Bu masalada ikki taraf ham bir-birini yaxshi tushunishi, ayol erning, er ayolning rioyasini qilishi lozim. Ikkovlari bir-birlarining odatlarini, nimadan xafa va nimadan xursand bo‘lishlarini, ruhiy kechinmalarida va kayfiyatlarida bo‘ladigan o‘zgarishlarni yaxshi tushunib yetishlari zarur. So‘ngra bir-birlarini xafa qiladigan narsalardan yiroq bo‘lib, xursand qiladigan narsalarga yaqin bo‘lishga harakat qilishlari kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oilalarida ana shu holat hukm surgan.

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنِّي لَأَعْلَمُ إِذَا كُنْتِ عَنِّي رَاضِيَةً وَإِذَا كُنْتِ عَلَيَّ غَضْبَى، فَقُلْتُ: وَمِنْ أَيْنَ تَعْرِفُ ذَلِكَ؟ قَالَ: أَمَّا إِذَا كُنْتِ عَنِّي رَاضِيَةً فَإِنَّكِ تَقُولِينَ لَا وَرَبِّ مُحَمَّدٍ، وَإِذَا كُنْتِ غَضْبَى قُلْتِ لَا وَرَبِّ إِبْرَاهِيمَ، قُلْتُ: أَجَلْ، وَاللهِ يَا رَسُولَ اللهِ مَا أَهْجُرُ إِلَّا اسْمَكَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:

«Albatta, sen mendan qachon rozi bo‘lsang ham bilaman. Mendan qachon achchiqlangan bo‘lsang ham bilaman», dedilar.

«Uni qayerdan bilasiz?» dedim.

«Qachon mendan rozi bo‘lsang, «Muhammadning Robbi ila qasamki, unday emas!» deysan. Qachon achchiqlangan bo‘lsang, «Ibrohimning Robbi ila qasamki, unday emas!» deysan», dedilar.

«To‘g‘ri! Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, ismingizdan boshqani hijron etmayman», – dedim».

Muslim rivoyat qilgan.

Mana shu hadisi sharifda ikki tarafning bir-birlariga nozik qarashlari va iltifotlari ochiq bayon etilmoqda. Oddiy holatdagi so‘zlashuv bilan boshqa holatdagi so‘zlashuvda o‘rni almashib qoladigan birgina so‘zning farqiga borish ham mulohaza qilinmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoning gaplaridagi bir og‘iz so‘zning o‘zgarishidan u kishining ruhiyatidagi o‘zgarishni anglaganlar.

Oisha onamiz roziyallohu anho bo‘lsalar o‘zlaridagi ana o‘sha o‘zgarishni juda noziklik bilan yuzaga chiqarganlar. Baqir-chaqir, yig‘lash, qovoq solish, zarda qilish, gapirmay qo‘yish, zaharxanda qilish kabilarning birortasining hidi ham yo‘q. Oddiy holatdagidan boshqa payt faqat bir so‘zning o‘rniga boshqasini ishlatish bor.

Ikki taraf bir bo‘lganda esa, har birlari o‘z kechinmalarini bir-birlariga ochiq aytganlar. Bir tarafning achchig‘i chiqqan, ammo bu janjalga aylanmagan, har ikki taraf kerakli chorani ko‘rgan va ish yaxshilik bilan oxiriga yetgan.

Biz ham oilalarimizda xuddi shunday bo‘lishiga harakat qilishimiz kerak. Er‑xotinlar bir-birlarini yaxshi tushunishlari, bir-birlariga nisbatan kechirimli bo‘lishlari va turli noxushliklarning oldini birgalikda olishlari lozim.

Musulmon mutaxassislar er‑xotin orasidagi xilofni hal qilish uchun o‘z tavsiyalarini quyidagicha taqdim qiladilar:

Er‑xotin orasidagi xilofni hal qilish uslubida gap ko‘p. Aynan o‘sha uslub oradagi xilofni yo‘qqa chiqarishi ham mumkin yoki avj oldirib yuborishi ham mukin. Shuning uchun bu masalada er‑xotin voqe’likdan kelib chiqqan hollarida yondashishlari va uni hal qilish uchun munosib uslubni ishga solishlari kerak.

Achchiq so‘z, qo‘pollik va do‘q-po‘pisa dard ustiga chipqon bo‘lishi, yarani gazak oldirishi hamda yarashib olgandan keyin ham qalb jarohati shaklida turishi borligini har kim yaxshi anglashi lozim.

Shuningdek, jim turish, bir-birini indamasdan «engish» ham vaqtinchalik yechim bo‘lib, mazkur noxushliklarning jamlanib borishi, bir payti kelganda portlab, hammasi birdaniga yuzaga chiqishi ham yaxshilikka olib bormaydi.

Er‑xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda masxara, inkor, bosh tortish va «meniki to‘g‘ri»da mahkam turib olib, bir tomon ikkinchisini yengishi uslubi ham to‘g‘ri emas. Bunda xilof yanada chuqurlashishi mumkin.

Er‑xotin orasidagi xilofni bartaraf qilishda nasab, mol, jamol va unvonlarni ishga solish ham yaxshilikka olib bormasligini unutmaslik zarur.

Manba: islom.uz

Kiritildi: 14:15 13.05.2021. O'qildi: 3254 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!