Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Er nega xotinini vahshiylarcha o‘ldirdi: Namangandagi fojia haqida batafsil

Er nega xotinini vahshiylarcha o‘ldirdi: Namangandagi fojia haqida batafsil

Farida oshxonada salkam o‘n yildan buyon ofisiant bo‘lib ishlardi. Shu oshxonaga tez-tez kelib turadigan Eldor uni o‘rgandi, u bilan gaplashdi va turmush qurishgandi. Tabiiyki, xotinining ishi to‘ydan keyin Eldorning g‘ashini keltira boshladi. U ayolini poylaydigan, huda-behuda rashk qiladigan bo‘lib qolgandi.

O‘sha kuni tongda er-xotin ertaga hovlilarida pishirilajak sumalak maslahatini qilishdi. Yaxshi kayfiyat bilan shirin orzular qilishgandi. Farida ishga borib keladigan, Eldor sumalak uchun qozon va o‘choq topib hovliga o‘rnatadigan bo‘ldi.

Qaniydi shunday davom etganida...

Muqaddam to‘rt marotaba sudlangan, ikki bor uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinib jazo o‘tagan Eldorning fe’li tayin. Aslo bir ishga qo‘l urgisi kelmasdi. Yana aylanib oshxonaga borib qoldi. Xotinining erkaklarga xizmat qilib yurganidan g‘azabi qaynadi. Shu yerning o‘zida janjal ko‘tardi.

Farida erini shu dam jahldan tushirishga ko‘zi yetmay shu yaqin atrofda bo‘lgan ota uyiga chopdi.

— Aka, erim oshxonada to‘polon qilyapti, borib uni aldab uyga olib boring, men hisob-kitobimni qilib ortinglardan yetaman. Yuring, aka, iltimos, shunday qilmasangiz bo‘lmaydi.  

Har qancha zarur yumushlari bo‘lsa ham singlisining oh-zoridan o‘tolmagan G‘ayratbek singlisi bilan oshxonaga yetdi. Bu vaqtda kun asrga borib qolgandi. Bir zumda xotinining yo‘qolib qolganidan alamzada Eldor vajohati bilan oshxonada o‘tirardi.

— Qayoqqa yo‘qolding, kimning oldiga borib kelyapsan?! – xotinini ko‘ribla o‘shqirdi u.

— Akamni aytib keldim, sizni kutyaptilar.

G‘ayratbek kuyovi bilan gaplashib tashqariga chiqdi. Kafega o‘tib pivo ichishdi. Salgina xavridan tushganday bo‘lgan kuyovni uyiga boshladi.

— Ishlamasa, ishlamas, men ham siz taraf, faqat bugun hisobini qilib bersin. Ertadan chiqmaydi ishga. Yuring, biz uyga borib turamiz...

Ularning ortidan yetib kelgan Farida o‘choq-qozonning o‘rnatilmaganini ko‘rib siqildi.

— Mening ortimdan poylab borguncha shuni qilsangiz bo‘lardi-yu...

Eldorning miyasi qisib qolganday yana xotiniga o‘shqira ketdi.

— G‘azablanmang, Eldorbek, men ham shu yerda qolaman, ertalab erta tursak ulguramiz, yaxshisi, ertaroq dam olinglar.

Er-xotinning janjali ichkarida ham to‘xtamadi. Kishini vahimaga soluvchi to‘s-to‘polondan qo‘shni xonada yotgan qayini ham ko‘z yuma olmasdi. Singlisining dodlashi, ayovsiz kaltaklanayotganligini quloqlari unga anglatib turardi. “Yordam bering!!!”

Bu gap uni xonada qolishiga yo‘l qo‘ymadi. Qanday qilib uchib chiqdi, singlisining yotog‘ida paydo bo‘ldi. Ahvoldan o‘zini yo‘qotib qichqirdi: “Nima qilib qo‘yding?!”

Kuyov qo‘lida qon pichoqni ushlagancha turardi. Yuztuban yotgan singil bazo‘r shivirladi, “Aka, do‘x...tir chaq...qiring”.

G‘ofir shoshgancha qo‘shni devordan qichqirib “Tez yordam” chaqirishlarini aytdiyu, ortiga chopdi. U yetib kelganda Eldor singlisining sochidan ushlab, bo‘g‘ziga pichoq tirab turardi.

— Yo‘q! Unday qilma, iltimos! Pichoqni tashla! Tashlaa!!!

Ammo... bunday fojialar yuz berishiga, boshingdan musibat yog‘ilishiga bir soniya kifoya. Hozir ham shunday bo‘ldi. Aka yetib kelolmadi.

 Er pichoqni tashlamadi, aksincha, o‘z ayolining bo‘g‘zidan tortib yubordi... Shifokorlar kelishganda Faridaning joni uzilib bo‘lgandi.  

Sud tibbiy ilmiy amaliy markazi ekspert xulosasidan: ...marhuma F.Eshjonovaning o‘limi bo‘yin oldi yuzasi chuqur kesilgan, bo‘yin terisi, teri osti mushaklari, teri osti venalari va ichki venalari, uyqu arteriyasi adashgan nervlari kesilgan jarohatlaridan, o‘tkir massiv qon ketishi va qon yo‘qotish natijasida kelib chiqqani, bundan tashqari ko‘krak qafasi chap old yuzasi va ko‘krak qafasi orqa yuzasi ko‘krak qafasiga teshib kirgan jarohatlar o‘ng o‘pka yuqori bo‘lagini sanchilgan-kesilgan  jarohati, o‘ng ko‘krak orqa o‘ng yelka  sohasi sanchilgan kesilgan, o‘ng qo‘l kafti va chap qo‘l 2-barmog‘i kesilgan jarohatlardan iborat bo‘lib, jarohat sanchuvchi kesuvchi pichoq tig‘ qismi ta’sirida yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, dastlab chap ko‘krak sohasiga, u qochishga uringan paytda yurganida yoki yugurganida o‘ng ko‘krak orqa yuzasi va o‘ng yelka sohasiga, oxirida bo‘yin sohasidagi jarohatlar yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi, F.Eshjonova chap ko‘krak, o‘ng ko‘krak orqa yuzasidagi  jarohatlari, o‘ng yelka sohasidagi jarohatlar vaqtida u mustaqil harakat qilgan bo‘lishi mumkinligi, bo‘yin sohasidagi jarohatdan so‘ng qisqa vaqt ichida o‘lim yuz bergani...” va hokazo.

Ko‘rinib turibdiki, ayolning bir necha joyiga shafqatsizlarcha pichoq urib taskin topmagan er so‘zsiz o‘limga olib keluvchi chorani qo‘llaydi.

Tizginsiz, asossiz rashk bir oilani shu tarzda mag‘lub etdi.

Bir yoshgina ayol bevaqt olamdan ko‘z yumdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi sudyasi D.Axmadaliyeva raisligida ko‘rilgan sud majlisi yakuniga ko‘ra, noqobil er O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j”bandi bilan
17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Fojia sabablari tubdan o‘rganilganda, ishtirokchilar ruhiy-ma’naviy qiyofasida evrilishlar, bo‘shliqlar mavjudligi kuzatiladi. Spirtli ichimliklar iste’mol qilish ham aksariyat fojialarning doyasiga aylangan. Xususan, bugun mamlakatimizning turli hududlarida er tomonidan o‘z xotinini shafqatsizlarcha o‘ldirish holatlari ko‘p uchramoqda. Buning sabablari har bir oilaning o‘ziga xos muhiti, muomala-munosabati, ijtimoiy-maishiy hayotiga monand. O‘rinsiz shubha-gumonlar, yaqinlariga nisbatan hurmatsizlik, xudbinlik, moddiy ehtiyoj fojiani chaqirgan. Unutmaslik kerakki, fojia qanday sabab, qanday ko‘rinishda, kimlar tomonidan sodir etilmasin, uning tub ildizida ruhiy-e’tiqodiy mezonlarning sayozligi yotadi, ma’naviy-axloqiy tarbiyaning yemirilishini kuzatish mumkin.

 Zero, joylarda, mahallalarda tashkil etilayotgan ishchi guruhlari va ularning faoliyati negizida ham avvalo oilalar osoyishtaligi, bardavomligi, farovon turmush tarzini targ‘ib etish, oilalardagi yetishmovchiliklarni aniqlash va barham berish kabi masalalar maqsad qilinganligidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmuni avvalo oila saodati – xalq manfaatidan iborat ekanligini ko‘rsatadi. Oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, turmush sharoitlari bilan bog‘liq mavjud muammolardan xabardor bo‘lish, ahil-totuvlik, farzandlar tarbiyasi oila atalmish muqaddas qo‘rg‘on poydevori mustahkam bo‘lishi uchun yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida ham aniq rejalar bilan ishlash lozim. Bu, o‘z navbatida, har bir mahallaga kirib borib, har bir oilaning ijtimoiy-maishiy ahvoli, ruhiy-ma’naviy qiyofasini o‘rganish, aniqlangan muammolarga samarali yechim izlash va shu orqali jamiyat hayotini yuksaltirish imkonini beradi. Holbuki, bir oiladagi saodatli hayot quvonchi jamiyat baxti bo‘lganidek, undagi parokandalik jabrini ham butun bir jamiyat tortadi.

 

Akramjon Aripov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi

 katta konsultanti

Kiritildi: 12:38 08.10.2019. O'qildi: 7610 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!