Bugun 12 oktyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Endi qarindoshining sudlanganligi fuqaroning huquqlarini cheklamaydi

Endi qarindoshining sudlanganligi fuqaroning huquqlarini cheklamaydi

Ma’lumki, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilangan. Shuningdek, davlat xizmatiga kirishda fuqarolarning teng huquqliligi hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligiga taalluqli bir qator normalar mustahkamlangan.

Shu bilan birga amaldagi qonun hujjatlarini yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi normalariga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 28-moddasida “Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”ligi belgilangan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan 2024 yil 20 sentyabrdagi 963-sonli O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Qonunning 28-moddasida O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 8 avgustda qabul qilingan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi O‘RQ-788-sonli Qonunining 10-moddasi quyidagi mazmundagi qism bilan to‘ldirildi, ya’ni:

«Qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni o‘tash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas».

Bundan tashqari, Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida Qonunning 29 – moddasi ikkinchi qismidagi «ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan» degan so‘zlar «e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni o‘tash chog‘ida fuqarolarning huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Yangi qabul qilingan qonunining 29-moddasida O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 28 oktyabrda qabul qilingan O‘RQ-798-sonli qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 4-moddasining ikkinchi qismi «ijtimoiy kelib chiqishi» degan so‘zlardan keyin «qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi» degan so‘zlar bilan to‘ldirildi.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritilishda, albatta xorijiy mamlakatlardagi mavjud holatni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Qarindoshning sudlanganligi va u shaxsning huquqlari va faoliyatiga ta’sir qilmasligi borasidagi normalar turli mamlakatlarda o‘zgacha tarzda qo‘llaniladi. Bizning talqinda, ushbu masalani kengroq yoritish uchun quyidagi davlatlar tajribasi haqida ilmiy tahlil keltirish mumkin:

Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh)

AQShda davlat xizmatiga qabul qilishda shaxsning sudlanganligi, ayniqsa, og‘ir jinoyatlar sodir etgan bo‘lsa, o‘ta sezilarli ahamiyat kasb etadi. Biroq, qarindoshlarining sudlanganligi shaxsning xizmatga qabul qilinishiga ta’sir qilmaydi. Masalan, AQSh Konstitusiyasi va amaldagi qonunlar individual javobgarlikka asoslanadi, ya’ni fuqaroning qarindoshlarining huquqiy holati uning huquqlariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Buning ustiga, jinoiy mas’uliyatga tortish oilaviy yoki shaxsiy aloqalarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshiriladi.

Evropa Ittifoqi (EI)

Evropa Ittifoqining qonunlari fuqarolarning ishga qabul qilinish va davlat xizmatidan foydalanish huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratadi. YEI mamlakatlarida diskriminasiyaga qarshi qonunlar juda kuchli. Masalan, Fransiya, Germaniya yoki Niderlandiyada shaxsning qarindoshlarining sudlanganligi uning shaxsiy huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi. Bularning barchasi Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha umumiy xartiyasi bilan muvofiqlashtirilgan bo‘lib, davlat xizmatiga qabul qilishda shaxsiy diskriminasiyaga qarshi kuchli huquqiy kafolatlar joriy etilgan.

Singapur va Yaponiya

Sharqiy Osiyo mamlakatlari, masalan, Singapur va Yaponiyada ham davlat xizmatiga kirishda adolat va tenglik tamoyillariga asoslangan siyosat amalga oshiriladi. Sudlanganlik masalasida asosiy e’tibor shaxsning o‘ziga qaratiladi, uning qarindoshlari bilan bog‘liq holatlar ahamiyatga ega emas. Singapurda korrupsiyaga qarshi qattiq qonunlar mavjud bo‘lsada, shaxsning sudlangan qarindoshlari uning davlat xizmatida faoliyat yuritish imkoniyatiga to‘sqinlik qilmaydi.

Xulosa o‘rnida, xorijiy davlatlar tajribasidan ko‘rinib turibdiki, fuqarolarning shaxsiy huquqlari ularning qarindoshlarining huquqiy holati bilan chegaralanmaydi. Bu amaldagi konstitusiyaviy tamoyillar va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasida ham 2024 yilgi qonun o‘zgarishlari fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va davlat xizmatiga kirishda teng imkoniyatlarni kafolatlash borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy tajribani qo‘llab-quvvatlash sifatida, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar xalqaro standartlar va inson huquqlarini himoya qilishga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda. Bu — fuqarolar huquqlarining yanada samarali himoya qilinishini ta’minlaydi.

Kiritildi: 15:08 11.10.2024. O'qildi: 411 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!