Bugun 13 iyun, 2025 yil, juma

КИР

“Emaklab bo‘lsa ham unga javob beraman”

A A A
“Emaklab bo‘lsa ham unga javob beraman”

Abu Aqiyl Abdurahmon ibn Sa’laba Badr g‘azotida va undan keyingi barcha g‘azotlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga ishtirok etgan sahobalardan edilar. Ibn Javziy rahimahulloh Ja’far ibn Abdulloh ibn Aslamdan quyidagi voqeani rivoyat qilib keltirganlar:

“Yamoma jangi kuni (Yamoma – Arabiston yarim orolida joylashgan qadimiy shaharlardan biri. Hozirda Najd yerlariga to‘g‘ri keladi. Yamoma jangi hijriy 632 sanada sodir bo‘lgan. U ridda urushi sirasiga kiradi. Bu jangda 70 nafar yoki undan ortiq qori halok bo‘lgan) musulmonlar saflandilar. Saf ichidan ilk yarador bo‘lgan kishi Abu Aqiyl edi. Unga otilgan o‘q ikki yelkasi orasidan kirib yuragining yonidan teshib o‘tgan, ammo o‘ldirmagan edi. Odamlar undan o‘qni sug‘urib olishdi. Bu hodisa kunning avvalida sodir bo‘lgandi. Ulug‘ sahobiy yarador bo‘lgan chap tarafiga biroz og‘ib, chetroq panaga o‘tadilar. Urush qiziganda musulmonlar ortga chekinishdi.

Abu Aqiyl jarohati bilan ovvora bo‘lib turgan bir payt edi. Shunda Ma’n ibn Adiy ismli kishi “Ey ansorlar! Allohni esga olinglar va dushmaningizga qayta hamla qilinglar!” deb nido qildi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: “Abu Aqiyl qavmini chorlash uchun o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Men unga “Nima qilmoqchisan? Sen urusholmaysan-ku!” dedim. U bo‘lsa “Nido qiluvchi ismimni aytib chaqirdi-ku!” dedi. Men unga “Axir u “Ansorlar!” dedi, jarohatlanganlarni aytmadi” dedim. U bo‘lsa “Men ham ansorlardanman. Endi u nidoga emaklab bo‘lsa ham javob berishim kerak!” dedi.

Ibn Umar roziyallohu anhumo voqeani bunday davom ettiradilar: “Abu Aqiyl o‘ng qo‘liga qilichini oldi-da, yonboshi bilan surilib-surilib oldinga yurishga intildi va “Ey ansorlar! Hunayn kunidagi kabi dushmaningizga qarshi qayta jamlaninglar! Alloh sizlarga rahm qilsin! Bu yoqqa kelinglar!” deb nido qildi”. Musulmonlar dushmanga qarshi mustahkam qal’adek saf tortdilar. Hatto dushmanni katta bog‘ ichiga kirishga majbur qilib, ularga qaqshatqich zarbalar berdilar. Saflar va qilichlar bir-biriga qorishib ketdi.

Voqeani kuzatib turgan Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: “Men Abu Aqiylga nazar solsam, uning chap qo‘li yelkasidan uzilib tushgan, o‘zi ham holsizlanib yerga yiqilgan ekan. Uning tanasida o‘n to‘rtta jarohat bor edi. Bu orada Allohning dushmani Musaylama ham o‘ldirildi. Abu Aqiylning oldiga bordim, qarasam, u so‘nggi nafaslarini olayotgandi. Unga “Ey Abu Aqiyl!” dedim. U juda past va sokin ovozda “Labbay. G‘alaba kimga nasib etdi?” dedi. Men “Xushxabar! Allohning dushmani o‘ldirildi” deb baland ovozda aytdim. U barmog‘ini yuqoriga ko‘targan holda Alloh taologa hamd aytdi-da, omonatni topshirdi. Alloh uni rahmatiga olsin! Keyin Madinaga kelganimda otam Umar roziyallohu anhuga bo‘lib o‘tgan voqealarning hammasini gapirib berdim. Otam hikoyamni eshitib bo‘lgach, “Alloh uni rahmatiga olsin! Shahid bo‘lish uchun tinmay harakat qilibdi-da! U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yaxshi sahobalaridan va Islom diniga avval kirganlardan biri edi” dedilar”.

Manba: muslim. uz

Kiritildi: 20:46 11.01.2020. O'qildi: 4731 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!