Bugun 26 noyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

“Elektron tijorat formal bozorlarga kirishning eng qulay yo‘llaridan biridir" - Zafar Isxakov, Wolt texnologik kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori

“Elektron tijorat formal bozorlarga kirishning eng qulay yo‘llaridan biridir" - Zafar Isxakov, Wolt texnologik kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori

Wolt texnologik kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Zafar Isxakov elektron tijoratdagi hozirgi tamoyillar haqida gapirar ekan, bozor jadal sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladi. Bu haqida u “KEY TECH: SIning e-commerce va riteyldagi o’rni” nomli konferensiyada so‘z yuritib, “Elektron tijorat bozori dinamik raqamli tamoyillar asosida rivojlanmoqda”, deya aytib o’tdi.

Uning aytishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda raqamli infratuzilmaning muhim unsurlari yaratildi — tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi, onlayn platformalarning roli kuchaymoqda, o‘zini o‘zi band qilganlar soni ortmoqda. Isxakovning ta’kidlashicha, soha oldinga qarab bormoqda va hozir eng muhimi— xuddi shu sur’atda rivojlanishni tartibga solishdir.

“O‘zbekiston raqamlashtirish sohasiga katta qadam qo‘yib ulgurdi. Keyingi bosqich — yangi jarayonlarni darhol raqamli formatda qurishdir. Bu tadbirkorlarga onlayn mehnatni tez va oson boshlash imkonini beradi”, — dedi u.

Isxakov kichik tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchilarning elektron tijoratga tobora ko‘proq o‘tib borayotganini, davlat esa bu jarayonni soddalashtirish ustida ishlayotganiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur vositalarning ommabopligini saqlab qolish juda muhim. “Elektron tijorat formal bozorlarga kirishning eng qulay yo‘llaridan biridir. Tadbirkorlar qachon ochiq ishlashga tayyor bo‘ladi? Albatta, jarayonlar aniq bo‘lganida va ularning miqyosiga mos kelganida”.

“Davlat va manfaatdor tomonlar tadbirkorlarga “oq tomonda” ishlash aksincha yo’lni tanlashdan ko’ra har doim ishonchliroq, barqarorroq va uzoq muddatli ekanini tushuntirishda bardavom bo’lishi kerak. Ijtimoiy omil ham ko’ndalang turadi: tadbirkorlar bozorning bir qismi “kulrang tomon”da qolayotganini ko‘rganida, raqobat ustunligini yo‘qotishdan qo‘rqadi va norasmiy ishlashni davom ettiradi. Chunki “oq tomon”ga o‘tish ular uchun ortiqcha daxmaza, “kulrang tomon”dagilar esa ayrim xarajatlardan xoli ekanligi o’ng’ay ko’rinadi”, — dedi u.

Davlat va bozor o‘rtasidagi hamkorlik haqida gapirar ekan, Woltning O‘zbekistondagi bosh direktori muloqot tobora mazmunli bo‘lib borayotganini, kompaniyalar tashabbuslarni erta bosqichlarda muhokama qilishga qiziqayotganini aytdi. U normativ hujjatlar ishlab chiqishda ma’lumotlarning doimiy tahliliga o‘tish muhimligini ham ta’kidladi. Uning fikricha, onlayn savdo dinamikasi, o‘zini o‘zi band qilganlar soni va rasmiy operatsiyalar ulushini monitoring qilish – aynan qaysi islohotlar soha rivojiga hissa qo‘shishini aniqroq tushunishga yordam beradi.

Xulosa sifatida Isxakov tadbirkorlarning raqamli savodxonligini oshirish va raqamli vositalarga egalik mamlakatda elektron tijoratni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynayotganini ta’kidladi.

Kiritildi: 12:26 25.11.2025. O'qildi: 399 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!