Kundalik hayotimizda elektr energiyasi va tabiiy gazning qanchalik ahamiyatga ega ekanligi barchamizga ma’lum. Energiya resurslarini iste’molchilar talablariga mos ravishda yetkazib berish katta kuch va mablag‘ talab etadi.
Lekin, ayrim iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molidan bo‘lgan to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanmasligi oqibatida, tarmoqdan ajratilib, qarzdorliklar sud tartibida undirilmoqda.
Foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlaridan bo‘yin tovlayotgan iste’molchilardan qarzdorliklarni undirishga doir sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar qilinmoqda.
Misol uchun, Qo‘qon tumanlararo iqtisodiy sudining 14.04.2023 yildagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “B.X.O.” F/X dan undiruvchi “Buvayda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ foydasiga 85.913.412 so‘m asosiy qarz, 30.000 so‘m pochta harajati undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Buvayda tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Qarzdorga ijro hujjati mazmun mohiyati to‘liq tushuntirilib, elektr energiyasidan bo‘lgan qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lab berish uchun muddat berilgan bo‘lsa-da, qarzdorlik bartaraf qilinmagan.
Ijro hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul davlat ijrochisi qarzdor jamiyat vakillari bilan tushuntirish ishlari olib bordi. Qarzdorlik to‘lanmagach, fermer xo‘jaligiga tegishli “TD5 110” rusumli traktor xatlab qo‘yilib,vaqtincha saqlash uchun “Buvayda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga topshirildi.
Hozirda, mazkur tadbirlar davom ettirilmoqda.
SH.Qunduzov,
Buvayda tumani bo‘limi boshlig‘i