Namangan va Andijon viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik holatlari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chust tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.T.” MCHJ rahbari A.T. chorvachilikka moslashgan binosida tijorat maqsadida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 481,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Xo‘jaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.CH.” xususiy korxonasi mas’ul shaxslari “Jahonobod” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 317,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Oltinko‘l tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “P.N.” MCHJ rahbari N.R. “Jalabek” MFY hududidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 154,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.