Bugun 30 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Eldor Aripov Farg‘ona vodiysida hamkorlikning 4 ustuvor yo‘nalishini belgiladi

Eldor Aripov Farg‘ona vodiysida hamkorlikning 4 ustuvor yo‘nalishini belgiladi

Xo‘jand shahrida bo‘lib o‘tgan Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumida Farg‘ona vodiysi mamlakatlari o‘rtasida ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov 28–29 sentyabr kunlari Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyatining Xo‘jand shahrida o‘tkazilayotgan «Farg‘ona vodiysi: tinchlik, ishonch va farovonlik makoni» mavzusidagi Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum ikkinchi yil ketma-ket O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning davlat tuzilmalari, ekspertlar hamjamiyati, ilmiy doiralari hamda fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtirmoqda.

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan birinchi forum umumiy muloqot makonini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan bo‘lsa, E. Aripovning ta’kidlashicha, Xo‘janddagi navbatdagi uchrashuv ushbu jarayonning amaliy ahamiyatini oshirishga — erishilgan o‘zaro anglashuvdan qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga o‘tishga xizmat qilishi lozim.

Farg‘ona jarayoni — mintaqada shakllanayotgan yangi voqelikning ifodasi

SMTI direktori o‘z nutqida Farg‘ona tinchlik forumi asta-sekin Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlardagi mustaqil sub’ekt sifatidagi yangi o‘rnini aks ettiruvchi mintaqaviy hamkorlik mexanizmiga aylanib borayotganini qayd etdi.

Bunda mintaqa davlatlarining xavfsizlik va taraqqiyot kun tartibini nafaqat mustaqil shakllantirish, balki uni xalqaro miqyosda birgalikda ilgari surish salohiyati nazarda tutilmoqda.

Misol tariqasida E. Aripov 2026 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining chegaraoldi nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish, mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integrasiyani mustahkamlash, shuningdek, kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lida tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan uchta tashabbusi qabul qilinganini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, ushbu tashabbuslarning ovozga qo‘yilmasdan qabul qilinishi mintaqaviy tashabbuslar xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanayotganini namoyon etadi. Bu, shuningdek, Markaziy Osiyo o‘zining konstruktiv kun tartibini tobora faol ilgari surayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, E. Aripov davlatlararo kelishuvlar odamlarning kundalik hayotida amaliy ifodasini topishi lozimligini ta’kidladi.

«Xavfsizlik — bu faqat nizolarning yo‘qligi emas. Bu erkin ta’lim olish, mehnat qilish, savdo-sotiq bilan shug‘ullanish, sayohat qilish, qarindoshlik aloqalarini saqlash, resurslardan birgalikda foydalanish va ertangi kunga ishonch bilan qarash imkoniyatidir», — dedi u.

Shu bois Farg‘ona jarayonining navbatdagi bosqichi markazida chegaraoldi hududlar aholisining manfaatlari turadigan barqaror amaliy hamkorlik tizimini shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim.

Hamkorlikning yangi bosqichi uchun to‘rtta yo‘nalish

Shu munosabat bilan E. Aripov Farg‘ona vodiysi taraqqiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi mumkin bo‘lgan to‘rtta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi.

Birinchi yo‘nalish — chegaralarni o‘sish nuqtalariga aylantirish.

SMTI direktorining ta’kidlashicha, Farg‘ona vodiysi tarixan ajratuvchi emas, balki birlashtiruvchi makon — savdo yo‘llari, madaniyatlar va insonlararo aloqalar chorrahasi bo‘lib kelgan.

Bugun vodiyning ushbu tarixiy vazifasi yangi iqtisodiy mazmun kasb etishi mumkin.

Bunda transchegaraviy infratuzilma, logistika, elektron tijorat, sayyohlik yo‘nalishlari va chegaraoldi bozorlarni rivojlantirish nazarda tutilmoqda.

Uch mamlakatning umumiy bozori, katta mehnat salohiyati va ishlab chiqarish bazasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yengil sanoat, mashinasozlik hamda boshqa tarmoqlarda qo‘shma korxonalar tashkil etish va kooperasiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish uchun sharoit yaratadi.

Shu tariqa, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik qo‘shnilar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashning amaliy vositalaridan biriga aylanishi lozim.

Ikkinchi yo‘nalish — insonlararo aloqalarni rivojlantirishga sarmoya kiritish.

Barqaror tinchlikni faqat hukumatlararo bitimlar orqali ta’minlab bo‘lmaydi. Buning uchun jamiyatlar o‘rtasida mustahkam va bevosita aloqalar zarur.

Shu munosabat bilan E. Aripov ta’lim sohasidagi va yoshlar o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirish, universitetlar hamda tadqiqot markazlari hamkorligini rivojlantirish, qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, jurnalistlar, tadbirkorlar va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Farg‘ona jarayonida yoshlar ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

2026 yil iyun oyida Farg‘onada Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning tinchlikni mustahkamlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan yoshlari uchun tashabbus yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning davomiyligini ta’minlash maqsadida E. Aripov Farg‘ona forumi shafeligida Farg‘ona shahrida «Markaziy Osiyo yosh tinchlikparvarlari klubi»ni tashkil etishni taklif qildi.

Yana bir amaliy taklif sifatida Farg‘ona viloyatidagi sog‘lomlashtirish oromgohlari negizida chegaraoldi hududlarning faol yoshlari uchun yozgi oromgohlar tashkil etish ilgari surildi.

Uning ta’kidlashicha, aynan yangi avlod Markaziy Osiyoda ishonch va yaxshi qo‘shnichilik madaniyatini qaror toptirish hamda rivojlantirishda asosiy kuchlardan biriga aylanishi lozim.

Uchinchi yo‘nalish — umumiy resurslar va xavf-xatarlarni birgalikda boshqarish.

Nutqda davlat chegaralarini tan olmaydigan umumiy muammolar mavzusi alohida o‘rin egalladi.

Suv resurslari, yerlarning holati, iqlim o‘zgarishi, ekologik tahdidlar va demografik bosim Farg‘ona vodiysining har uchala qismiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bunday sharoitda, E. Aripovning ta’kidlashicha, alohida-alohida choralar ko‘rishdan xavf-xatarlarni birgalikda boshqarishga o‘tish zarur.

Amaliy choralar qatorida u ekologik va ijtimoiy xavf-xatarlarning qo‘shma monitoringini yo‘lga qo‘yish, ma’lumot almashinuvini rivojlantirish, «yashil» texnologiyalarni joriy etish hamda tabiiy resurslardan yanada oqilona foydalanishni taklif qildi.

Bunday yondashuv yuzaga kelayotgan muammolarga samaraliroq javob berish bilan birga, ularning kengroq ko‘lamdagi ijtimoiy keskinlikka aylanishining oldini olish imkonini beradi.

To‘rtinchi yo‘nalish — chegaraoldi hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish.

SMTI direktorining fikricha, uch mamlakatning chegaraoldi hududlari o‘rtasidagi bevosita hamkorlik taraqqiyotning yana bir muhim zaxirasi bo‘lib qolmoqda.

Odamlarning kundalik hayoti uchun bevosita ahamiyatga ega ko‘plab masalalar aynan mahalliy darajada hal etiladi. Ular savdo va transportdan tortib, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, ta’lim hamda infratuzilmadan foydalanishgacha bo‘lgan sohalarni qamrab oladi.

Shu munosabat bilan E. Aripov mahalliy hokimiyat organlari, tadbirkorlar, fermerlar, universitetlar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada faol rivojlantirishni taklif qildi.

Buning mumkin bo‘lgan vositalari qatorida chegaraoldi hududlar vakillarining muntazam uchrashuvlari, qo‘shma biznes-forumlar, shuningdek, shaharlar va munisipalitetlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalari qayd etildi.

«Iqtisodiy aloqalar yaxshi qo‘shnichilikdan manfaatdorlikni kuchaytiradi va ayni paytda yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish imkoniyatlarini kengaytiradi», — deya ta’kidladi u.

Forumdan — doimiy Farg‘ona jarayoniga

E. Aripov nutqining alohida qismi Farg‘ona tinchlik forumini institusional rivojlantirish masalasiga bag‘ishlandi.

U Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Yettinchi maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona tinchlik forumini muntazam o‘tkaziladigan xalqaro forumga aylantirish tashabbusini ilgari surganini eslatib o‘tdi.

SMTI direktorining fikricha, institusionallashtirish Farg‘ona jarayonini murakkab byurokratik tuzilmaga aylantirmagan holda, boshlangan ishlarning izchilligi va davomiyligini ta’minlashi lozim.

Shu bois forum tashabbuslarini g‘oya bosqichidan amaliy ro‘yobga chiqarishgacha ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlay oladigan doimiy mexanizmni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning strategik tadqiqotlar institutlari xodimlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida loyiha guruhini tuzish taklif etildi.

Mazkur guruh forum tashabbuslarini ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, aniq loyihalarni tayyorlash va ularni amalga oshirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanishi mumkin.

Farg‘ona vodiysi — yangi mintaqaviy voqelik laboratoriyasi

Nutqi yakunida E. Aripov Farg‘ona jarayonining alohida ahamiyati siyosiy kelishuvlarni odamlarning amaliy manfaatlari bilan bog‘lay olishida ekanini ta’kidladi.

«Farg‘ona vodiysi — qo‘shnilar xavfsizligi o‘z xavfsizligining bir qismi, ularning taraqqiyoti esa umumiy yuksalish imkoniyati sifatida qabul qilinadigan yangi mintaqaviy voqelik laboratoriyasidir», — dedi SMTI direktori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona tinchlik forumining muvaffaqiyati uchrashuvlarning muntazamligi bilangina emas, balki, avvalo, muhokama qilinayotgan g‘oyalarning yangi loyihalar, barqaror aloqalar va qo‘shma tashabbuslarda qay darajada amaliy ifoda topishi bilan belgilanadi.

«Farg‘ona vodiysidagi tinchlik nafaqat tarixiy yutuq, balki uning xalqlari farovonligining barqaror shartiga aylanishi lozim», — deya so‘zini yakunladi E. Aripov.

Shu tariqa, Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumi mintaqaviy hamkorlikning navbatdagi bosqichiga — ishonchni mustahkamlashdan birgalikdagi taraqqiyot mexanizmlarini shakllantirishga o‘tish yo‘nalishini belgilab berdi.

Aynan shu nuqtai nazardan, Farg‘ona vodiysi nafaqat geografik makon, balki Markaziy Osiyoda o‘zaro mas’uliyat, amaliy hamkorlik va tinchlikdan umumiy manfaatdorlikka asoslangan yangi yaxshi qo‘shnichilik madaniyati shakllanayotganining eng yaqqol misollaridan biri sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumot uchun: Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumi Tojikiston Respublikasi Hukumati ko‘magida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi hamda Sug‘d viloyati davlat hokimiyati ijroiya organi tomonidan tashkil etildi.

Forum Farg‘ona vodiysi mamlakatlari va xalqlari o‘rtasida tinchlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan ekspertlar, tegishli institutlar hamda jamoatchilik vakillarining ochiq muloqoti uchun maydon bo‘ldi.

Kiritildi: 18:50 29.09.2026. O'qildi: 391 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!