Joriy yilning 4 aprel kuni “El-yurt umidi” jamg‘armasida ijrochi direktor o‘rinbosari v.b. Javoxir Axmedov, Jamg‘arma bo‘lim boshliqlari hamda Niderlandiyaning Rotterdam Erasmus universiteti Tibbiyot markazi Gastroenterologiya va gepatologiya bo‘limi va laboratoriya mudiri dotsent Maykel Peppelenbosh o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Rotterdam Erasmus universiteti xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarda turadi. THE reytingida 99, shuningdek, medisina fan sohasi bo‘yicha reytingida 47-o‘rinni egallagan.
Rotterdam Erasmus universiteti — Niderlandiyaning Rotterdam shahrida joylashgan davlat tadqiqot universiteti bo‘lib, 1913 yilda tashkil etilgan. Rotterdam Erasmus universiteti tibbiyot markazi Yevropadagi eng yirik va nufuzli ilmiy universitet tibbiyot markazlaridan biridir. Kasalxona Niderlandiyadagi 8 ta universitet tibbiyot markazlarini o‘z ichiga oladi ham eng kattasi hisoblanadi. THE reytingiga ko‘ra, Tibbiyot markazi klinik tibbiyot bo‘yicha Yevropada 1 o‘rinni egallaydi.
Tibbiyot markazida yurak-qon tomir kasalliklari, klinik genetika, endokrinologiya, gastroenterologiya, inson reproduktiv tizimi, immunologiya, mikroxirurgiya, onkologiya, pediatriya va virusologiya kabi ustuvor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Markazda 13,858 nafar xodim va 949 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda. 4,093 nafar tibbiyot talabalari Erasmus tibbiyot markazida tahsil olishadi.
Mazkur onlayn uchrashuvda, Javoxir Axmedov tomonidan Jamg‘arma haqida batafsil ma’lumot berildi. Uchrashuv davomida, Sog‘liqni saqlash tizimidagi mutaxassislar uchun qisqa muddatli, jumladan, 2 haftadan
2 oygacha bo‘lgan muddatda stajirovka dasturi masalasi batafsil muhokama qilindi.
Shuningdek, Rotterdam Erasmus universiteti Tibbiyot markazi bilan aprel oyining oxirlarida mazkur universitetda o‘qish imkoniyatlari haqida onlayn vebinarlar tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuv so‘nggida, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini belgilovchi memorandum imzolashga hamda har bir stipendiatni o‘qish xarajatlaridan
20 foiz chegirmalar olishga kelishildi.