Politico jurnali tahririyati ixtiyoriga Ukrainani tiklash va uning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘n yillik reja kelib tushdi. Manbalarga ko‘ra (EI amaldorlari va diplomatlar), ushbu hujjat Yevropa komissiyasi tomonidan 24 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan sammit arafasida ittifoq a’zolariga taqdim etilgan.
Rejaga muvofiq, AQSh va Yevropa Ittifoqi urushdan keyin Ukrainani tiklash uchun davlat va xususiy manbalar hisobidan jami 800 milliard dollar mablag‘ jalb qilishni ko‘zlamoqda.
Ukrainaga investisiya kiritish bo‘yicha moliyaviy reja 2040 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, u ilk 100 kun ichida amalga oshiriladigan shoshilinch harakatlar operasion rejasi bilan to‘ldirilgan. Ushbu rejaning asosiy maqsadi — mamlakatni favqulodda tashqi yordamga bo‘lgan qaramlikdan xalos etish va uni barqaror farovonlikka olib chiqishdan iborat.
Ukrainani tiklashda AQSh muhim o‘rin tutishi kerak, biroq donor sifatida emas. Hujjatda Qo‘shma Shtatlar strategik iqtisodiy hamkor va investor sifatida ko‘rsatilgan. Xususan, AQShdan xususiy kapitalni jalb etishda faol ishtirok etishi kutilmoqda.